Bloger va jurnalist Behzod Qobulovning «Sabablarning sabablari» maqolasida jurnalist o‘qituvchini tanqid nishoniga aylantirganiga e'tibor qaratgan. Maqolada harakatlari tanqid ostiga olingan, o‘zini Sanobar deya tanishtirgan jurnalist sayt tahririyati orqali muallifga ochiq xat yozdi. Quyida uning munosabati keltiriladi.
"Behzodbek, siz qaysi kasb egasi ekaningizni bilmadimu, ammo saytdagi tumtaroq fikrlaringizni o‘qib ajablandim. Donolarimiz "o‘ynab gapirsang ham o‘ylab gapir" deyishgan. Ukam, har qancha zo‘r bo‘lsangiz ham sal o‘ylab, mulohaza bilan gapirsangiz bo‘lardi. Mayli, ko‘rsatuv yuzasidan fikringiz bor ekan, ayting, lekin "go‘l", "merov" kabi haqoratli so‘zlar ishlatmang. Bunday so‘zlarni ishlatish qaysi madaniyatli, o‘qimishli kishilarga xos. Yoki sizga shunday huquq berilganmi? O‘zaro hurmat, sizlab gapirish qon-qonimizga singib ketgan qadriyat, insoniy fazilat ekanini o‘rgatishmaganmi? Boz ustiga tanimagan, bilmagan odamni haqorat qilish, masalaning tub mohiyatini bilmasdan "yoqalashish" mentalitetimizga to‘g‘ri keladimi?
Endi siz bizni "qoraga chiqargan" mavzuga keladigan bo‘lsak, muallimning qadrini va hurmatini sizdan yaxshiroq bilamiz, yaxshiroq anglaymiz. O‘rni kelganida ularni ko‘klarga ko‘taramiz ham. Ha, fidoyi o‘qituvchilar ham ko‘p, ammo darsni qo‘l uchida, shunchaki o‘tayotgan, o‘quvchi taqdiriga befarqlar ham yo‘q emas. Bozordagi yoki boshqa biron korxonadagi e'tiborsizliklar unchalik tashvishli emasdir, ammo o‘qituvchining mas'uliyatsizligi inson taqdiri bilan bog‘liq. Muallim bolaga bir, ikki yoki uch kun bilim bermasin, u asta-sekin yalqov, dangasa, befarq bo‘lib boraveradi. Yaqin-yaqingacha avariya holatidagi, tom shuvoq qilingan xonalarda o‘qituvchi o‘quvchiga jon-jahdi bilan bilim bergan. O‘quvchisi bir kun kelmasa, uyigacha izlab borgan, qoloq o‘quvchini a'lochiga aylantirish uchun darsdan keyin qo‘shimcha mashg‘ulot olib borgan. Qani o‘sha fidoyi o‘qituvchilar?
Bugun o‘qituvchi mehnati davlatimiz e'tiborida. Oylik maoshlar yomon emas, qo‘shimcha rag‘batlar ham bor. Yana bir jihati hech kim majburiy ravishda o‘qituvchi qilib qo‘yilmagan, qancha orzu-havaslar bilan yoshlarga bilim berish uchun bor kuchimni sarflayman deb shunday ulug‘ kasbni tanlashgan. Shunday ekan, bu sharafli kasb egalarini faqat mehr-shafqatga munosib ko‘rsatishga ne hojat?! Kamchilik bo‘lganidan keyin aytiladi-da! Tanqiddan to‘g‘ri xulosa chiqarish ham mardning ishi, uni tuzatishga harakat qilish kerak. Biz fidoyi deb bilgan muallim o‘z nomiga munosib bo‘lsin deymiz. Axir birniki mingga deyishadi.














