Jamiyat | 17:20 / 07.04.2017
22524
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent shahri va Toshkent viloyati analog televideniyedan voz kechadimi

Malumki, hozirgi kunda Toshkent shahri va Toshkent viloyatining ko‘plab oilalari raqamli televideniye teledasturlarini tomosha qiladilar. Shuningdek, analog formatdagi teledasturlarni ham tomosha qiladigan oilalar mavjud. Davlat  tomonidan 2012 yil 17 aprelda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida raqamli televideniyega texnik va texnologik o‘tishga doir Davlat dasturi to‘g‘risida”gi Qaroriga muvofiq raqamli televideniyega ikki bosqichda o‘tish ko‘zda tutilgan.

Birinchi bosqichda (2015-2016) Respublikaning viloyat markazlari va aholi ko‘p hududlarda yuqori quvvatli raqamli teleuzatkichlar o‘rnatish ko‘zda tutilgan. Ular yordamida aholining 98 foizi raqamli televideniye bilan ta'minlanadi.

Ikkinchi bosqichda (2016-2017) uzoq va aholi kam hududlarda raqamli telesignallarni yetkazib beruvchi uzatkichlar o‘rnatiladi. Bunda sun'iy yo‘ldosh xizmatlariga murojaat qilinadi. Ikkinchi bosqichning yakunlanishi natijasida yurtimiz aholisining 100 foizi raqamli televideniye bilan ta'minlanadi.

Bugungi kunda:

- Toshkent shahri bo‘yicha, Toshkent teleminorasida DVB-T standartidagi 4ta raqamli TV uzatkichlari va DVB-T2 standartidagi 2ta raqamli TV uzatkichlar ishga tushirilib, ushbu teleuzatkichlar orqali ochiq to‘plam tarkibida 18ta davlat va nodavlat hamda yopiq to‘plam tarkibida 44ta xorijiy teleradiodasturlari efirga uzatilib kelinmoqda. 

- Toshkent viloyati bo‘yicha, bir nechta tuman va shaharlarda joylashgan radioteleuzatish stansiyalarida DVB-T va DVB-T2 standartidagi 12 ta raqamli TV uzatkichlar o‘rnatilib, ochiq to‘plam tarkibida 12ta davlat teledasturlar efirga tarqatilishi ta'minlangan. Kelgusida viloyatning barcha tuman va shaharlarida “Milliy TV”, “Uzreport TV”, “Zo’rTV”, “MY5” kabi telekanallar dasturlari DVB-T2 standartida uzatilishi rejalashtirilmoqda.

Shu bois, Mustaqillik bayramiga qadar Toshkent shahri va Toshkent viloyatining barcha hududlari raqamli televideniye bilan to‘liq ta'minlanishi va shundan so‘ng, hududlardagi analog formatdagi teleuzatkichlarni 2017 yilning sentabr oyidan boshlab bosqichma-bosqich o‘chirilishi rejalashtirilmoqda.

Mavzuga oid