10 may oqshomida YeChL yarim finali doirasidagi javob uchrashuvida«Atletiko» «Real»ni 2:1 hisobida mag‘lub etdi, ammo Zinedin Zidan shogirdlari ikki uchrashuv natijasiga ko‘ra, (bir hafta oldingi uchrashuvda 3:0 hisobi qayd etilgandi) finalga chiqdi va 3 iyun kuni Kardiffdagi «Millenium» stadionida «Yuventus»ga qarshi o‘ynaydigan bo‘ldi.
«Visente Kalderon» stadionidagi oxirgi xalqaro o‘yin

«Atletiko» – «Real» derbisi «Visente Kalderon» stadionida o‘tkazilgan oxirgi xalqaro miqyosdagi uchrashuv bo‘lib qoldi. Jamoa boshqa zamonaviy stadion qurmoqda va Ispaniya chempionatida mavsum yakunlangach, bu stadion buzib tashlanadi.
O‘yindan oldin birinchi o‘yin natijasidan kelib chiqqan holda ko‘pchilik Diyego Simeone jamoasining finalga yo‘l olishiga ishonch bildirmayotgandi, ammo murabbiy «Atletiko» oxirgi daqiqagacha final uchun kurashishini va'da qildi.
— Biz o‘zimizga va kuchimizga ishonamiz, – degandi Simeone o‘yinoldi matbuot anjumanida. – Javob uchrashuvi oldidan o‘zgarishlar qilmoqchi emasmiz. Biz o‘zimizning nimalarga qodirligimizni yaxshi bilamiz. Men o‘z futbolchilarimga to‘la ishonaman, ular yaxshi futbol namoyish etib berishadi. Biz maydonda o‘z ustunliklarimizdan foydalanmog‘imiz lozim. Men o‘z futbolchilarim orasida bu o‘yinning mohiyatini tushunmaydiganlar bo‘lishini istamayman. Bizning o‘z ustun jihatlarimiz bor, shular evaziga bu og‘ir vazifani uddalashga urinib ko‘ramiz. Hakam hushtagini chalmagunicha taslim bo‘lish yo‘q. Agar futbolchilarimni «Real»ga qarshi ruhlantira olmasam, demak o‘z ishimni yaxshi uddalamayotgan bo‘laman.
Zidan yirik hisobda yutqazmadi

Zinedin Zidan «Real» bosh murabbiyi bo‘lganidan buyon 3ta gol farqi bilan yutqazmagan. Jamoaning YeChLdagi eng yirik mag‘lubiyati o‘tgan mavsumda kuzatilgan, o‘shanda «qaymoqranglilar» jamoasi Germaniyada «Volfsburg»ga 0:2 hisobida yutqazgandi. O‘shanda «Real»ga Krishtianu Ronalduning javob uchrashuvida urgan het-trigi yordam bergan va jamoa keyin muvaffaqiyatli yurishini davom ettirib, chempionga aylangandi. «Krishtianu Ronalduning het-trigi» bu mavsumda «matraschilar»ni yo‘lda qoldiradigan bo‘ldi. Portugaliyalik bu hujumchi 8 kun oldin «Atletiko»ga qarshi birinchi uchrashuvda 3 gol urib, javob o‘yini oldidan ko‘p narsaga oydinlik kiritib qo‘ygandi. Bu o‘yindan oldin Simeone oldida qiyin vazifa turgandi: «Real»ga kamida 3ta gol urish muhimroqmi yoki Ronalduga erkin harakatlanish imkonini bermaslikmi? «Oltin to‘p»ning to‘rt karra sohibi o‘z imkoniyatiga qachondir ega bo‘lishi tayin edi. «Atletiko» bu o‘yinda o‘z jarima maydoni atrofida diqqatni bir daqiqaga ham yo‘qotmasligi kerak edi. Talab qattiq edi.





















