Bundan ikki oy muqaddam Kun.uz saytida «Jamiyat» gazetasida chop etilgan «Notarial idoradagi nayranglar» nomli maqola e'lon qilingan edi. Maqolada bugungi kunda davlat notarial idoralarida ildiz otgan dolzarb muammolar qalamga olinganini o‘quvchilarimiz yaxshi eslashsa kerak.

Bugunga qadar qariyb to‘qson ming marotaba o‘qilgan mazkur maqola ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi, yurtdoshlarimizdan bu borada ko‘plab murojaatlar oldik. Ijtimoiy tarmoqlarda bildirilgan fikrlar maqolada yoritilgan muammoga juda ko‘pchilik duch kelganini ko‘rsatdi.

Biroq «Jamiyat» gazetasining bosh muharriri Behzod Shukurov feysbukdagi sahifasida ma'lum qilishicha, maqolada ko‘tarilgan muammoni Adliya vazirligi tan olmagan. Shuning barobarida vazirlik 2016 yil davomida Toshkent shahridagi davlat notarial idoralari xodimlarining 51 nafariga nisbatan hayfsan va jarima tariqasidagi intizomiy jazo choralari qo‘llanilgani hamda 5 nafari egallab turgan lavozimidan ozod etilganini oshkor qilgan. Ammo jazoga nima sabab bo‘lgani ochiqlanmagan. Gazetaning 5 maydagi sonida «Notarial idoradagi nayranglar» sarlavhali maqolaga Adliya vazirligining javobini va «Jamiyat» gazetasi tahririyatining unga munosabati e'lon qilingan. Quyida vazirlik e'tirozi va tahririyatning bunga bildirgan javobini to‘liq o‘qishingiz mumkin.
-----------------------------------
«Notarial idoradagi nayranglar» sarlavhali maqolaga («Jamiyat» 2017 yil 10 mart) Adliya vazirligining javobi
«Jamiyat» gazetasining 2017 yil 10 mart kungi 10-(542)-sonida «Notarial idoradagi nayranglar» sarlavhali maqola chop etilgan. Ushbu maqolada Toshkent shahar Olmazor tuman 11-son davlat notarial idora xodimlari tomonidan 2016 yil 19 oktabrda ayrim fuqarolardan ko‘chmas mulkni ijaraga berish va tekin foydalanish shartnomalarini tasdiqlashda ortiqcha pul mablag‘lari olib qolinganligi tilga olingan.

Mazkur holat Adliya vazirligi xodimlari tomonidan Olmazor tuman 11-son davlat notarial idorasida 2016 yilning 19 oktabr kuni rasmiylashtirilgan kvartirani ijaraga berish hamda undan tekin foydalanish shartnomalari ishtirokchilarining fikr va mulohazalari asosida o‘rganilganda, ular tomonidan ushbu davlat notarial idorasida shartnomalar qonuniy tasdiqlanganligi hamda amaldagi qonun hujjatlarida belgilangan stavkalar bo‘yicha to‘lovlar undirilganligi ma'lum qilindi.

Maqola muallifi J.Niyozov ishtirokida turar joydan tekin foydalanish shartnomasini rasmiylashtirishda maqolada ko‘rsatilganday 22466,25 so‘m emas, 29955 so‘m, ya'ni shartnoma uchun 22466,25 so‘m va mulkdorning turmush o‘rtog‘i rozilik arizasini tasdiqlaganlik uchun 7488,75 so‘m miqdordagi to‘lovlar undirilgan. Bu esa J.Niyozov tomonidan chop etilgan maqolada ko‘rsatilgan faktlar asossiz ma'lumotlarga tayangan holda yozilganligidan dalolat beradi.