Telegram’ning yugurgani somonxonagacha bo‘ldi, aftidan. Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FXX) ochiqdan-ochiq ushbu messenjer terrorchilar tomonidan ishlatilganini aytib turgan ekan, bo‘ldi, hammasi tamom: bu shov-shuvli bayonot ketidan yaqin bir necha kun ichida uni Rossiyada taqiqlab quyishlari turgan gap. Sabab esa oddiy: Xizmat asoschisi Pavel Durov davlat xavfsizlik organlari bilan hamkorlik qilishdan bo‘yin tovlab, yozishmalarni o‘qish imkoniyatini ularga taqdim etishdan bosh tortdi. Xuddi mana shu sabab bilan ko‘plab davlatlarda u yoki bu internet-xizmatlar bloklab qo‘yilgan.

Hamma gap shifrlanishda

Azal-azaldan davlat barcha aloqa kanallarini nazorat qilib kelgan: hu Oqpodsho davrlarida ham Leninning surgundan yozgan xatlarida butun bir gaplar va abzatslar qirqib olingan. Telegraf va telefon paydo bo‘lishi bilan ular ham o‘qila va eshitila boshlangan, internet paydo bo‘lganidan keyin ham ishlar shu zaylda davom etayotgandi.

Rossiyaning har bir internet-provayderi va mobil aloqa operatori o‘z hisobidan SORM («Tezkor qidiruv tadbirlari tizimi»)ga to‘siqsiz ulanishni ta'minlab, davlat xavfsizlik organlari va ichki ishlarga so‘zlashuvlar va yozishmalarni nazorat qilish imkoniyatini yaratib berishlari shart. Darvoqe, hammani birvarakayiga emas (buning uchun resurs yetmaydi, albatta), faqat jinoyatda gumon qilinayotganlarni.

Bu holatda organlar shifrlanmagan axborotga ega bo‘lishlari kerak, aks holda zamonaviy kalitlarning mustahkamligi ularni ochish uchun bir necha yillar sarflanishiga olib keladi. Aynan shuning uchun Rossiyada maxsus mobil telefonlardagi kabi shifrlashning ko‘plab usullari taqiqlangan.

Agar qandaydir umumfoydalanuvchi aloqa kanali shifrlansa, SORMni ishlatishdan ma'ni qolmaydi, chunki jinoyatchilar aynan o‘sha kanaldan foydalana boshlashadi.