Joriy yilning 5 avgust kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashining VIII Plenumi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi Matbuot xizmati Kun.uz’ga ma'lum qildi.

Ochiq muloqot tarzidagi plenumda O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi, partiyaning Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi a'zolari, Qoraqalpog‘iston Respublika, viloyatlar, Toshkent shahar vakillari bilan birgalikda, ilk bora partiyaning 194 ta tuman va shahar kengashlari rahbarlari ham qatnashdilar.

Maqsad - Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Parlamentimiz haqiqiy demokratiya maktabiga aylanishi, islohotlarning tashabbuskori va asosiy ijrochisi bo‘lishi kerak” nomli ma'ruzacidan kelib chiqib, partiya tashkilotlari va deputatlik birlashmalari oldida turgan ustuvor vazifalar, ularni amalga oshirish mexanizmlarini belgilab olish, shuningdek, partiyaning tuman va shahar kengashlari rahbarlari bilan joylardagi haqiqiy holat yuzasidan ochiq fikr almashishdan iborat bo‘ldi.

Siyosiy partiyalar va parlament faoliyatining tanqidiy-tahlilidan so‘ng o‘tgan vaqt mobaynida partiyaning rahbar va mas'ul xodimlari tomonidan joylardagi holat, partiya tashkilotlari va deputatlik birlashmalarining faoliyatidagi kamchiliklar tanqidiy o‘rganilib, dastlab, partiyaning mahalliy va mintaqaviy tashkilotlari Ijroiya qo‘mitalari yig‘ilishlarida muhokama qilindi. Plenum kun tartibidan ana shu o‘rganishlar sarhisobi yuzasidan ham masalalar muhokama qilindi.

Partiya rahbari, avvalo, Prezident tomonidan siyosiy partiyalarning faoliyatiga nisbatan bildirgan tanqidiy fikrlardan xulosa chiqarish lozimligi, haqiqatan partiya faoliyatida qator muammo va kamchiliklar, xususan, partiya Saylovoldi dasturidagi va'dalarni bajarish, partiya elektorati bo‘lgan pensionerlarning hayot darajasini yaxshilash, nogironlarning talab va ehtiyojlari, qonuniy huquq va manfaatlarini ta'minlash, “Muruvvat”, “Sahovat”, “Mehribonlik” uylari faoliyatini yanada sifatli tashkil etish, shuningdek, pensionerlarni dori-darmon bilan ta'minlash bo‘yicha kutilgan natijalarga erishilmaganini ta'kidladi.

Yig‘ilishda mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan amaliy choralar ko‘rish hamda eng muhim, eng dolzarb ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy masalalar bo‘yicha partiyaning pozitsiyasini muntazam ravishda o‘z vaqtida bildirib borish partiya oldida turgan eng muhim ustuvor vazifa ekanligiga e'tibor qaratildi.