«Birinçi zarbada tizzalarigaça, ikkinçi zarbada bellarigaça». Lotin va kirill atrofidagi gaplar
|04:30 / 17.08.201769 82226 min
Özbekiston lotin alifbosida qolgani yaxşimi yoki kirill alifbosiga qaytiş kerakmi? Tilşunos Eldor Asanov bu masalaga batafsil yondaşib, kirill alifbosiga qaytiş yoqlangan çiqişlarga aniq javoblar qaytardi.
25 yildirki, Özbekistonda “lotinga ötiş” sagasi davom etmoqda. Bu boradagi bahs qay darajada keng miqyosli ekanini, mubohasa ba'zan haddan taşqari qizib ketişini, uning doirasida qaysi taraflar qanaqa argumentlar ilgari surayotganini batafsil ta'riflab ötiriş, çamamda, ortiqça bölsa kerak. Lekin şu kunlarda munozara yangi bosqiçga kötarildi.
10 avgust kuni internetda adabiyotşunos, “Jahon adabiyoti” jurnali boş muharriri Şuhrat Rizayevning prezidentga murojaati e'lon qilindi [6]. Maktub ijtimoiy tarmoqlarda qizğin muhokamalarni keltirib çiqardi. Önlab jurnalistlar, blogerlar va ijtimoiy tarmoqlarning faol foydalanuvçilari unga öz munosabatini bildirdi. Internet saytlarida maqolalar çop etildi. Kimdir muallifni davlat rahbariga ortiq darajada “paxta qöyiş”da ayblagan bölsa, aksariyat u bergan kirill alifbosiga qaytiş taklifini keskin tanqid ostiga oldi. Facebook’da maxsus heşteglar tarqatildi, jarayonga afğonistonlik, tojikistonlik, qozoğistonlik va qirğizistonlik özbeklar qöşildi. Hali heç qaçon alifbo atrofidagi bahslar bu qadar keng tus olmagan edi. Ijtimoiy tarmoqlarda boşlangan kampaniyada çet ellik özbeklarning iştirok etgani ham katta yangilik böldi.
Ayni paytda, uşbu jarayon Özbekiston axborot maydonining nuqsonlarini foş etib qöydi. Birinçidan, bahs madaniyatidan yiroq, posthaqiqat falsafasi negizida his-tuyğuga urğu beradigan kişilar aniq yeçimlar taklif eta olmasligi, aksinça, vaziyatni çigallaştirişi tuşunib yetilmadi, şekilli, ijtimoiy tarmoqlarda bir-birining dalillariga emas, şaxsiyatiga muşt kötarayotganlar köpçilikni taşkil etayotgandek, nazarimda. Ikkinçidan, oxirgi oylarda Özbekiston mediasida muayyan özgarişlar bölganiga qaramay, publitsistik matnlar saviyasi hamon pastligiça qolmoqda. Ayrim jurnalistlar va mualliflar çiroyli sözlarni ipga tizib çiqişning özi ommaga ta'sir qiliş uçun kifoya, degan qaraşdan voz keça olmaganki, şaklan ohuday nozik, mazmunan ölik toşbaqaning kosasiday puç matnlar dunyo yuzini körişda davom etmoqda.
Mana şu ikki kamçilik bartaraf etilsa, öylaymanki, alifbo mubohasasi ayni kerakli özanga tuşib oladi. Butun millat taqdiriga daxldor bunday masalani hal etişda baqir-çaqir kötariş, bir-birining “ovozini öçiriş”, balandparvoz maqolalar yoziş, boşqa ğoya tarafdorlarini virtual sazoyi qiliş töğri emas. Barça öz fikrini aytiş va himoya qiliş huquqiga ega degan universal ğoyaga sodiq bölsakkina bizni-da eşitişadi, bizni-da hurmat qilişadi. Ta'sir aks ta'sirni keltirib çiqaradi. Şunday ekan, bahs iştirokçilarini bir-birini eşitişga, dalillariga e'tibor qaratişga, tirnoq içidan kir qidiriş örniga birgalaşib aniq yeçimlar ustida öylaşga çaqirgan bölar edim. Zero barça — bir jamiyatning teng huquqli a'zolari, birga yaşay oliş uçun murosa qilişni örganiş kerak, öz fikrini zörlab singdiriş esa yaxşilikka olib kelmaydi. Mavzuga befarq bölmagan jurnalistlardan ham hamma ayta oladigan qolipli gaplardan qoçib, dalillar, faktlarga tayangan holda öquvçilarga tafakkur ozuqasi berişni tavsiya qilaman.
Mavzuga oid
Fursatdan foydalanib, özim ham mavzu böyiça mulohazalarimni bildirişga, bahslarni kuzatiş davomida qayd qilganim ba'zi muammoli örinlarni tahlil ğalviridan ötkazişga qaror qildim.
Fitna bormi?
Mavzu böyiça faollik körsatayotgan blogerlardan biri — Sardor Salim diqqatga sazovor taxminni kun tartibiga qöydi. Uning qaraşiça, taşabbus rasmiy şaxslar tomonidan axborot maydoniga taşlangani, rasmiy va yarim rasmiy saytlarda kirill yozuviga qaytiş tarafdorlarining maqolalari bot-bot e'lon qilinayotgani ma'lum buyurtma borligini körsatadi: kimlardir mana şunday “taşabbus”lar ortidan “xalq irodasi” illyuziyasini yaratmoqçi va kirillga qaytiş masalasini “xalqning xohişi” qilib körsatmoqçi. Lekin ijtimoiy tarmoqlarda avj olgan aksilkirill kampaniyasi bu urinişlarni çippakka çiqardi, butun xalq bölmasa-da, harqalay, yoşlar kirillga qaytişga mutlaqo qarşi ekanligini yaqqol körsatdi.
Bir muddat vaqtni maqsadli sarflaş uçun unça-munça katta matnlarni çetlab ötayotganim bois Şuhrat Rizayevning murojaatiga jiddiy e'tibor qaratmagan edim. Lekin yuqorida ta'riflangan şov-şuvdan söng, şuningdek, Sardor Salimning taxminini tekşiriş maqsadida maktubni öqib çiqişga jazm etdim. Oçiğini aytganda, uzundan-uzoq qilib yozilgan murojaat bilan tanişib çiqqaç, tanqidçilarning aksariyati uni töliq öqimadimikan, degan andişa uyğondi, aks holda, fikri ojizimça, u yerda boşqa, ança örinli takliflar va fikrlar aytilganini körişar edi. Aytaylik, Özbekiston teatri tarixi muzeyini taşkil etiş, badiiy filmlar uçun maxsus pavilonlar yaratiş, Navoiy, Oybek, Ğafur Ğulom, Abdulla Qodiriy singari adabiyot namoyandalari nomiga mukofotlar taşkil qiliş taşabbuslari heç kimda salbiy munosabat uyğotmasligi tayin. Alifbo muammosiga esa murojaatda atigi ikki abzats bağişlangan ekan. Şunga qaramay, aynan kirillni birinçi, lotinni ikkinçi qilib belgilaş taklifi yoşlarning va intelligensiya vakillarining keskin qarşiligiga sabab böldi. Ammo bu masalaga maktubda juda kam diqqat qaratilganidan kelib çiqsak, buyurtma haqidagi farazlar özini oqlamaydi. Aftidan, ham lotin, ham kirill tarafdorlari bundan notöğri signallar tuşungan.
Alifbo — tilşunoslik muammosimi?
Alifbo bahslarida tilşunoslar köp esga olinadi, lekin ularning özi negadir jimlik saqlaydi. Bu safar ham bir-ikki hurmatli hamkasblarim ijtimoiy tarmoqlarda oçiqlama qilganlariga guvoh böldim, lekin, umuman olganda, ular yetarli darajada faol emas.
Darhaqiqat, bir qaraşda, yozuv — bevosita tilşunoslik va tilşunoslar bilan boğliq masala. Lekin bahsning asosiy iştirokçilari — jurnalistlar, yozuvçilar, blogerlar, tilga qiziquvçi turfa soha vakillari. Tilşunoslar bu örinda bahs tomonlarining tanqid obekti sifatida sahnaga çiqadi: ularni şunça yil içida yangi alifboni hayotga tatbiq eta olmaganlikda, talabga javob beradigan tuzuk yozuv tizimi yarata olmaganlikda, butun bir avlodni ovora qilganlikda ayblaşadi.
Öz köz qaraşlarini gazetalarda, televideniyeda ifodalaydigan filologlar va tilşunoslar ham yöq emas. Biroq, kuzatişlarimga qaraganda, ularning köpçiligi alifbo, umuman xat-savod masalasiga tilşunos emas, jurnalist yoki şunçaki fuqaro sifatida baho beradi. Ekspert-mutaxassis munosabatini bildiriş örniga ular har qanday jurnalist ayta oladigan “xalqimiz savodsizlaşib ketyapti”, “til qoidasini buzganlarni jazolaş payt keldi” singari balandparvoz, ammo mantiqi va foydasi oz şiorbozlikdan nari öta olmaydi.
Ayni damda, tilşunoslarga yoğilayotgan malomat toşlari ham har doim asosli bölmayotganini ta'kidlab ötişga majburman.
Birinçidan, akademik doiralarda kötarilgan masalada içki, ilmiy bahs bor, biroq bu bahs natijalari odatda keng jamoatçilikka ma'lum bölmaydi. Akademik naşrlar va tadbirlar ommaviy mediaçalik keng qamrovga ega emas. Oxirgi paytlarda Alişer Navoiy nomidagi Toşkent davlat özbek tili va adabiyoti universitetida taşkil etilgan maxsus komissiya kengroq kölamga çiqib, ijtimoiy tarmoqlar va oçiq majlislar orqali uşbu bahsga keng jamoatçilikni ham jalb qilişga urinmoqda. Qator tilşunos mutaxassislar gazetalarda, jurnallarda ilmiy va ommabop maqolalar berib bormoqda.
Ikkinçidan, unutmaylikki, qaysi alifbodan foydalaniş ilmiy emas, siyosiy masaladir. Ilmiy jihatdan har qanaqa yozuvni har qanaqa tilga moslaştiriş mumkin. Yozuvni paypoqday almaştiriş yoki bitta alifboga sadoqat saqlaş “töğri” yoki “notöğri” ekanligini isbotlaydigan heç qanday obektiv ilmiy omillar mavjud emas. Axir ilm-fanning asosiy quroli — xolislik, xolislik esa yagona va mutlaq haqiqatning özi yöqligini taqozo etadi. Lotinga ötiş jarayonida ham, undan ança oldin, kirill yozuvi kirib kelganida ham tilşunoslar söqir ijroçilar edi, xolos.
Işonçim komilki, ilmiy diskurs bilan jamoatçilik bahsining qöşiliş nuqtasida savollarga javob topiladi. Olimlarning metodik yondaşuvi, ular töplagan boy faktik material jurnalistlar va adabiyotçilarning kuyinçakligi bilan qöşilsa, munozaraga ma'no-mazmun, argument kuçi kiradi. Hozirgi tortişuvlar esa köproq “Şum bola”dagi sarlavhaga çiqarilgan dalillaş uslubini eslatadi.
Argumentatsiya
Mana şu ilmiylikning, tahlilning yetişmasligi sababidan ayrim muşohadalar kişida ğalati taassurot uyğotadi. Hatto eng samimiy gurunglarda ham puxta öylanmagan, nima bölsa ham öz sözini ötkaziş uçun aytilgan dalillar köp yangraydi. Uşbularga teran nigoh bilan qarasangiz, daşt örtasidagi çayla misol mantiq şamolidan soçilib ketadi va beixtiyor suhbatdoşingizning noxolisligidan hafsalangiz pir böladi. Aytaylik, “x” va “h” tovuşlari farqlanmasligini, ularni birlaştirib yuboriş tilga salbiy ta'sir etmasligini aytsangiz, konservativ qaraş sohiblari “arab sözlarida bor, tarixan şunday, qolaversin” deb turvoladi. Lekin “unda unlilarni ham, tarixdan kelib çiqqan holda, old va orqa qatorga bölib, tegişli harflar kiritaylik” deb köring, öşa kişilarning özlari darhol tönini teskari kiyib, “xalq şunga örganib böldi” deb oğzingizga uradi.
Buni misollaşda Mirzabek Japaqov ismli huquqşunos jurnalistning kuni keça çop etilgan “Arosatda qolgan lotin yozuvimi yoki muammosiz kirill?” [4] maqolasi bizga “savalaş yostiqçasi” (“gruşa dlya bitya”) vazifasini bajarib beradi.
Aslida bu maqola publitsistik raddiyaning yomon namunasidir. Muallif xolislikni, bosiqlikni bir çekkaga yiğiştirib, opponentlarini haqorat qilişdan tap tortmaydi. Raqiblarini “löttiboz” deb sökiş, ularni kirill imlosiga “xiyonat qilgan”likda ayblaş na huquqşunos, na jurnalist maqomiga yaraşmaydigan beodoblikdir. Jurnalist etikasi, ommaviy bahs va muloqot madaniyati haqida oldinroq yozib bölganim uçun bu mavzuda çuqurlaşmayman.
Muallif sözining boşida adabiyotşunos Şahnoza Töraxöjayevaning “Huquq va burç” gazetasi sahifalaridan yer olgan “Lotin yoki kirill — qay biri ma'qul?” nomli maqolasini [7] kökka kötarib maqtaydi, ayniqsa u kirillga qaytişni ma'qul topganini urğulaydi. Töraxöjayeva xonimga raddiya yöllagan Hotamxon Luqmonovga esa [5] röyxuşlik bermaydi va “xalqimizda ‘çumçuq söysa ham qassob söysin’, degan purma'no maqol bor” deya yozğiradi.
Avvalo, adabiyotşunos bilan tilşunos orasida sezilarli farq bor. Adabiyotşunos hali tilning “qassobi” degani emas (albatta, Şahnoza opaning maqolasi ança saviyali, çiroyli yozilganini, u masalaga tahliliy yondaşişga harakat qilganini e'tirof etiş lozim). Ikkinçidan, bir-ikki abzatsdan söng Japaqovning özi ham qassob emasligini unutib qöyadi-yu, jigarni taloq bilan adaştirib yuboradi. U tarixiy faktlarni buzib körsatganini, agar qasddan qilmagan bölsa, faqat şu bilan tuşuntiriş mumkin.
Iqtibos (imloviy xatolar tuzatilgan):
“Mustaqillikka erişgan ilk yillardanoq öşa paytdagi ayrim ğarbparast deputatlar, parlament yetakçilari özbek yozuvini lotin grafikasiga ötkaziş taşabbusi bilan çiqqanlar. Ularning iddaosi rus şovinistlari xalqimizga kirill alifbosini majburlab tiqiştirgani, şu sabab mustamlakaçilar imlosidan voz keçiş lozimligi bölgan.
Aslida şundaymidi? Aslo! Aksinça, rus şovinistlarining asl maqsadi SSSR xalqlari, jumladan, arab imlosida yozuvçi xalqlarni tölaligiça lotinlaştiriş edi.
Şuning uçun ham 1920–1930 yillarda A.V. Lunaçarskiy boşçiligida SSSR böylab lotinlaştiriş kampaniyasi boşlangandi. Bu borada 1929 yil 7 avgust kuni SSSR hukumati qarori ham çiqqan. Lotinlaştiriş siyosati SSSR xududida olib borilgan öziga xos kampaniya hisoblanib, dunyoning asosiy qismini (iyerogliflardan taşqari) lotin grafikasiga ötkaziş rejasi bölgan va buning ortida diniy, siyosiy va ijtimoiy ta'sirlar ham mavjud edi.
Aynan mana şu kampaniya ta'siri ostida öşa paytda Bokuda bölib ötgan turk tilşunoslari qurultoyi turk ellari uçun lotin alifbosining arab alifbosidan yaxşiroq yaralganligi töğrisida ilmiy qarorini bergandi.
Mana şu qarordan keyin Örta Osiyo xalqlari birin-ketin lotin imlosiga öta boşlagan. Biroq, lotin yozuvi özini oqlamaganligi sababli lotinlaştiriş siyosati ham uzoqqa çözilmagan. Bu siyosatning oqibatini vaqtida tuşunib yetgan özbek ziyolilarining sa'y-harakati bilan 1940 yili lotin alifbosidan voz keçilib, uning örnini kirill alifbosi egalladi”.
Hurmatli muallif Boku konferensiyasi iştirokçilari ham, özbek lotin yozuvi inkişofçilari ham “panturkçi, millatçi” yorliqlari yopiştirilib qamalgani, surgun etilgani, otib taşlanganini bilarmikin? Qaydam. Keling, voqealar aslida qanday bölganiga qiziqib köramiz.
Ötgan asrning 30-yillariga qadar hali jadidlar — özbek, qozoq va boşqa mahalliy xalqlar ziyolilari ozmi-köpmi, kuç va nufuzga sazovor edi. SSSRga qadar arab xati barça turkiy xalqlarning tilini birlaştiruvçi muhim omil sanalar edi. Negaki arabça harflarda turli lahja va şevalarga xos matnlar deyarli bir xil şaklda yozilar, bu turk tilli xalqlar bir-birini tuşunişini osonlaştirar edi. Birinçi modernistlar bölmiş jadidlar lotin xatining bundan-da afzalroq ekanini tuşunişdi; birlamçi, lotin yozuvidagi turk tili dunyoga yaqinlaşadi, ikkilamçi, barça turk tillari va lahjalari uçun yagona alifbo yoki juda yaqin lotinça tizimlarning işlab çiqilişi natijasida turk ellari bir-birini tuşunişda davom etaveradi.
Ana şu ğoyalarga yetişiş ilinjida turk xalqlari birin-ketin lotin yozuvi asosidagi alifbolarini işlab çiqa boşladi.
Şu örinda Japaqov siyqasi çiqqan yana bir klişeni takrorlaydi. Uning fikriça, “lotin yozuvi özini oqlamagan” ekan. Lotin xat tizimiga qarşi keltiriladigan bu argument negizida yetarli asos yöqligini payqaş qiyin emas, şunga qaramay, konservativ mualliflar “yozuv özini oqlamagan”idan lof urişdan çarçamaydi.
Şuhrat Rizayev “lotin alifbosi, mutaxassislar fikriça, tilimiz tabiatiga unçalik muvofiq emas” deganda nimani nazarda tutgan? Qaysi mutaxassislar? Tilning “tabiati” nima özi? Agar fonetikasi bölsa, unda özbek tili tabiatiga yuz foiz muvofiq bitta yozuv tizimi bölgan — turk-run (kökturk, Örxun-Yenisey) xati. Qolaversa, har qanday alifboni tilning tabiatiga moslaştiriş — imkoni bor iş.
Mirzabek Japaqov “lotin yozuvi özini oqlamagan” deganda biror narsaga asoslanyaptimi? Menimça, jurnalist mavzuni qoniqarli örganib ötirmasdan, sonlar va faktlar orasiga şaxsiy fikrimni tiqiştirib ketsam, u ham faktga aylanib qoladi deb öylagan. Tegişli ilmiy adabiyotlar bilan taniş odam yaxşi biladiki, özbek lotin yozuvi kirillça muqobilidan ança mukammal edi, bugungi lotinda uçrayotgan nuqsonlar unda bartaraf etilgandi. Jumladan:
- özbek tilining töqqiz fonemali vokalizmini (unli tovuş tarkibini), singarmonizm hodisasini töliq aks ettirar edi;
- 1929 yildagi Samarqand til va imlo konferensiyasining adabiy til haqidagi qarorida boşqa tillardan kirgan sözlarning hammasi “özbek tilining temir qonuniga” böysungan holda yozilişi va öqilişi, ya'ni özbekçalaştirilişi belgilangan edi;
- “ş”, “ç”, “ng” tovuşlari digraflar (qöşharflar) bilan emas, diakritikali undoş harflar bilan ifodalanar edi;
- boşqa turkiy tillar bilan özaro tuşuniş darajasi yuqori edi [2].
Turk va musulmon jamiyatlarining yoppasiga kirillga ötkazilişi ruslaştiriş siyosatining bir qismi böldi. Turk xalqlarining tillari bir-biridan, ayniqsa Turkiyadan uzoqlaştirildi. Gurjilar va armanilar kirillga ötkazilmaganida ham köp gap bor.
XX asrning 30-yillarida, kirill xatini joriy etiş arafasida mazkur siyosiy buyurtmani bajariş doirasida köpçilikka taniş tuyuladigan qiziq-qiziq jarayonlar röy berdi: gazetalarda, radioda, ilmiy va ilmiy-ommabop kitoblarda, ommaviy tadbirlarda lotin alifbosi “özini oqlamagani”, “mos kelmagani”, “real turmuş talablariga javob bermagani” iddao etildi, modernistlar “foş” etildi, millatçilikda ayblandi, kirillça mahalliy tillarga yaxşiroq mos kelişi uqtirildi. Xullas, kirill imlosi joriy etilişi uçun zamin hozirlandi.
Yangi alifbo u qadar yomon emas edi, tabiiyki, biroq lotin xatini işlab çiqişda qölga kiritilgan yutuqlar unda yöqotildi: yozuv singarmonizmni aks ettirmay qöydi, buning natijasida yuz yil içida qançadan-qança şevalar bu ajoyib xislatini yöqotdi, “ng” digraf bilan ifodalanadigan böldi, arab tilining rudimentlari bölmiş “h”, “'” harflari saqlab qolindi, yotalaşgan unlilarni ifodalaydigan ye, yo, yu, ya harflari jiddiy zaruratsiz qöşildi, özlaşma sözlar rus tili qoidalari böyiça talaffuz qilinişi darslarda, radio va gazetalarda tarğib etildi [1], bu özbek tili fonetikasi sinişiga olib keldi. Buning oqibatlarini hozir ham körişimiz mumkin: “direksiya”, “direktor”, “televideniye” va yana yuzlab boşqa baynalmilal sözlarni özbek tili fonetikasiga moslab talaffuz qilganlar “savodsiz”ga çiqariladi, mavzuning mohiyatini tuşunmagan “olğavatan”çilar “savodli” böliş uçun bu kabi sözlarni rusça talaffuz qilişni tarğib etadi, bir söz bilan aytganda, özbek tili rus tilining bosimidan haligaça qutula olmay kelmoqda.
Maqolada lotin imlosiga qarşilar ritorikasiga xos yana bir qança an'anaviy argumentlar keltiriladi. Ularni ham körib çiqamiz.
Muallif yana quduqni tönkarib, minora yasamoqçi böladi va quyidagi taqqosni keltiradi:
“Endilikda esa bunday şaxslar yana örtaga çiqib yangi texnologiyalarni özlaştirişda lotin alifbosining rolini rökaç qilişmoqda. Xöş, texnologiyalarning yuksak çöqqisiga çiqqan yaponlarning lotin alifbosidan xabari bormikin? Janubiy Koreyani qöyaturaylik, milliardlagan aholisi bor Xitoyliklarningçi? Ularga lotin alifbosini taklif qilib köring-çi!? Nima derkin?”.
Juda köp aytiladigan bu e'tiroz aslida yangliş analogiyadir. Bu örinda özbek jurnalistikasining ta'riflab bölingan qusuri — mavzuni çuqur örganmay, faktlarni tekşirmay turib populizmga berilişini yana bir qayta esga olmay ilojim yöq.
Har bir xalqning yozuv madaniyati öziga xos yöl bilan rivojlanadi, şuning uçun ularni özaro qiyoslaganda ehtiyot böliş kerak. Xitoy iyerogliflarini özbek kirill alifbosiga qiyoslaş qay darajada töğri? Xitoyliklar öz xatini 4 ming yil, hindlar 2,5–3 ming yil, arablar, yaponlar, koreyslar, gurjilar, armanilar 1,5–2 ming yildan beri işlatadi (hindlar va eronliklar, ayrim arab davlatlari bir vaqtning özida lotinça transliteratsiyani ham qöllaydi). Bu yozuv tizimlari hozirgi xalqlarni ötmiş bilan boğlaydi, madaniy uzluksizlikni ta'minlaydi. Özbek kirill yozuvi şu qadar çuqur tarixga egami, şunday jiddiy vazifani bajaradimi? Agar analogiya kökturk xati yoki heç bölmasa arab grafikasi uçun keltirilsa, örinliroq bölardi.
Bundan taşqari, tilga olingan xalqlarning milliy yozuvlari yana qator muhim siyosiy va sotsiolingvistik vazifalarni bajaradi. XIX asr oxiri — XX asr boşida arab tilini ham, xitoy tilini ham lotin harflariga ötkaziş loyihalari bölgan. Bu loyihalar qabul qilinmay, akademik muassasalar javonlarida qolib ketgani texnika va texnologiya sohasida jiddiy muammolarni keltirib çiqarmoqda. Mirzabek Japaqov xitoy iyerogliflarida kompyuterda matn teriş qanday qiyinçiliklar keltirib çiqarişini tasavvur qila olmasa kerak. Ammo tarixiy yozuvni saqlab qoliş qarori boşqa jihatdan çöt berdi.
“Yagona arab millati” konsepsiyaning röyobi bevosita yozuv siyosatiga boğliq edi, zero bir-biridan tamomila uzoqlaşib ketgan, amalda alohida tillarga aylanib ulgurgan önlab arab lahjalarini yagona tilga birlaştirişda barça uçun umumiy imlo talab etilardi. Bugungi kunda arab grafikasi Maltadan boşqa barça arab tilli davlatlarni qamrab oldi. Şuning uçun ular hanuzgaça özini yagona xalq deb biladi. Bundan taşqari, yagona yozuv arab tilini parçalanişdan asramoqda.
Xitoyda ham önta atrofida alohida til ajralib çiqmasligi uçun ularni yagona tilga birlaştirişda, xitoy millatining birligini saqlab qolişda iyerogliflar hal qiluvçi ahamiyat qozonadi. Bir-birini eşitsa mutlaqo tuşunmaydigan mana şu yozuvga qarab bir xil ma'noni tuşunib oladi.
Özbek kirill xati-çi, mana şunday birlaştiriş missiyasini bajaradimi? Aksinça, u arab xatidan foydalanadigan afğonistonlik, saudiyalik, pokistonlik özbeklarni, lotin xatidan foydalanadigan turkiyalik özbeklarni bizdan uzoqlaştiradi.
Quloqqa çalingan yana bir e'tiroz bildiriş priyomi lotin imlosining kamçiliklarini sanaş, gazetalar, kitoblar lotinça çiqmayotganini rökaç qilişdir. Tanlab olingan maqola ham bu masalani çetlab ötmagan:
“Bugungi kunda yoşlarimiz xat-savodini lotinda çiqarişayotganiga qaramasdan ular kirill imlosini afzal körmoqda. Yoşlar nafaqat özbek adabiyoti, balki, Çingiz Aytmatov, Gyote, Teodor Drayzer, Jyek London singari köplab jahon adabiyoti namoyandalarining mumtoz asarlarini aynan kirill imlosida sevib öqimoqdalar”.
Bu ham yangliş analogiyadir, çunki “gazetalar, kitoblar lotinça çiqmayapti” tezisidan “ayb lotin yozuvida ekan” degan xulosa yasab bölmaydi. Rost, lotinda savod çiqargan millionlab yoşlar bu yozuvda yetarli miqdorda kitob, gazeta öqişdan mosuvo, bu yoşlarning savodsizlaşuvi, marginallaşuvida ma'lum rol öynamoqda.
Lekin aytingçi, kim va nega lotin yozuvida gazeta va kitob çiqarmayapti? Yoki bölmasa lotinça harflarning özi qalam ostidan qoçib ketyaptimi? Yoki 35 ta kirillça harfni eslab qolişga aqli yetgan özbeklar 29 ta lotin harfini eslab qola olmaydimi?
Bugungi texnologiyalar kompyuterning bitta tugmasini bosiş bilan katta-katta matnlarni kirilldan lotinga ögiriş imkonini beradi. Şunday ekan, gap lotin yozuvining maqsurligida emas. Qolaversa, kirillça joriy etilgan dastlabki pallalarda ham aholi “vaqtinçalik savodsiz” bölib qolgan, gazetalar, kitoblar çiqariş, şahar epigrafikasini kirillga ötkaziş yöli bilan bu hol bartaraf etilgan. Hozir şu işni takrorlaşga nima xalaqit beradi? Elita bir imzo bilan butun mamlakatda lotin yozuvini töliq tatbiq etişi mumkin, bunday qilinmayotgan ekan, aybni balogardon imlodan emas, rasmiy muassasalarning tor yölkalaridan qidiring.
Yeçim
Til, yozuv, imlo masalalari siyosat bilan bevosita boğliq bölgani tufayli, ilgariroq ta'kidlanganidek, ularni hal etiş uçun qandaydir obektiv kriteriylar keltiriş muşkul. Eng maqbul yeçim — özaro hurmat bilan ommaviy, publitsistik va metodologik bahs olib boriş hamda barçani qanoatlantiradigan murosa yölini tanlaş. Şaxsan özim nafaqat yozuvni, imloni, balki umuman tilni jiddiy reviziya qiliş tarafdoriman, bu qaraşlarimni bir-ikki yil muqaddam alohida maqola şaklida bildirgan edim [3]. Lekin barçaning manfaati inobatga olinişi uçun murosaga tayyorman va boşqalarni ham şunga çaqirib qolaman.
Sözim yakunida şaxsiy nuqtai nazarimni aytar ekanman, lotin yozuvi eng ratsional tanlov ekanligini yana bir bor qayd etib ötmoqçiman. Lotin grafikasi özbek tilini jahon hamjamiyatiga yaqinlaştiradi, bu hatto eng mayda jihatlarda ham öz aksini topadi. Masalan, Özbekistonga taşrif buyurgan turistlar köçalarda lotinça peşlavhalar va yozuvlar körsa, ança oson möljal oladi, şaharni bemalol kezadi.
Lotin xatining boşqa ustunliklari haqida köp yozilgan, takrorlab ötirmayman, faqat bir narsaga e'tibor qaratmoqçiman.
Amaldagi lotin yozuvida kamçiliklar borligini inkor qilib bölmaydi. Lekin har qanday kamçilikni bartaraf etiş mumkin. Juda uzoqqa bormay, öşa ötgan asr tajribasidan foydalansa böladi. Qolaversa, bu özbek tili rus, fors, ingliz va boşqa tillar an'anasidan uzilib, öz rivojlaniş yölini topişi uçun bir imkoniyat böladi.
Adabiyotlar
1. Abdullayev F. Til qanday rivojlanadi. – Toşkent: “Fan”, 1972. B. 12.
2. Ibragimov S. Orfografiya uzbekskogo yazyka // Orfografii tyurkskix literaturnyx yazykov SSSR. – Moskva: «Nauka», 1973. S. 220.