O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Badiiy akademiyasi faoliyatini rivojlantirish va yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.
Ma'lumki, 2017 yil 3 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ijodkor ziyolilar vakillari bilan uchrashuvda taraqqiyotimizning hozirgi bosqichida madaniyat, adabiyot va san'at sohasini, jumladan, tasviriy san'at yo‘nalishini rivojlantirish borasidagi dolzarb vazifalarni belgilab, ularni hal etish yo‘llarini ko‘rsatib berdi. O‘tgan qisqa muddatda ana shu taklif va tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha davlatimiz rahbari tomonidan 10 ga yaqin farmon va qarorlar qabul qilindi.
Kuni kecha imzolangan «O‘zbekiston Badiiy akademiyasi faoliyatini rivojlantirish va yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaror shu yo‘nalishdagi yana bir muhim hujjat bo‘ldi.
Qarorda xalqimizni tasviriy san'at namunalaridan bahramand etish va dizayn yo‘nalishida faoliyat olib borayotgan mutaxassislarning ijodiy imkoniyatlaridan unumli foydalanish, ular uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, san'at asarlarida milliy va umuminsoniy an'analarni yuksak darajada ifoda etishga erishish, yurtimizda o‘tkazilayotgan ko‘rgazmalarning badiiy saviyasini oshirish, rassomlik va dizayn sohasiga ixtisoslashgan ta'lim tizimini bugungi kun talablaridan kelib chiqqan holda takomillashtirish borasida muhim vazifalar belgilandi. Shuningdek, jahon miqyosida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan o‘zbek tasviriy va amaliy san'ati maktablarining an'analarini saqlash va davom ettirish, zamonaviy dizayn yo‘nalishlari bo‘yicha faoliyat yuritayotgan iste'dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash hamda O‘zbekiston Badiiy akademiyasining faoliyatini rivojlantirish va takomillashtirish masalalariga alohida e'tibor qaratilgan.
Qarorga muvofiq O‘zbekiston Badiiy akademiyasi hamda uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limining yangilangan tashkiliy tuzilmasi tasdiqlandi.
Yana bir muhim jihati shundaki, mazkur qaror asosida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi faoliyatini rivojlantirish va yanada takomillashtirish bo‘yicha 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlar dasturi va mazkur dasturni amalga oshirish bo‘yicha Respublika komissiyasi tarkibi tasdiqlandi.
Qarorda mamlakatimiz madaniy hayoti uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan bir qancha masalalarga alohida e'tibor berilgan. Jumladan, O‘zbekiston tasviriy va amaliy san'atini yanada rivojlantirish maqsadida jahondagi yetakchi badiiy akademiyalar, ushbu yo‘nalishdagi ta'lim muassasalari, tashkilotlar, madaniyat va san'at ustalari o‘rtasida o‘zaro foydali tajribalar almashishni yo‘lga qo‘yish maqsadida har tomonlama ijodiy aloqalarni rivojlantirish belgilangan.
















