O‘zbekiston Respublikasi Davlat Bojxona qo‘mitasi www.kruz.uz saytida e'lon qilingan va KUN.UZ qayta e'lon qilingan “Bojxona xizmatidagi byuroraktiya sababli Qoraqalpog‘istonlik tadbirkor 6000 yevro zarar ko‘rdi” nomli xabar raddiya berdi. Quyida uning to‘liq matnini keltiramiz.
“Joriy yilning 25 avgust kuni Internet tarmog‘idagi www.kruz.uz domenida joylashgan «Qoraqalpog‘iston yangiliklari» sayti o‘z sahifasida “Bojxona xizmatidagi byurokratiya sababli qoraqalpog‘istonlik tadbirkor 6000 yevro zarar ko‘rdi” nomli maqolani e'lon qildi.
Maqolada ta'kidlanishicha, qoraqalpog‘istonlik tadbirkor Qutlimurat Panayev tomonidan Avstriyadan keltirilayotgan har biri 600 yevroni (Yo‘l-yuk kuzatuv hujjatlariga ko‘ra echkilarning faktura qiymati 550 yevroga teng) tashkil qiluvchi 300 bosh (aslida 310 bosh) naslli echkilar ortilgan yuk avtotransport vositasi “Qoraqalpog‘iston” chegara-bojxona postida 60 daraja issiqda go‘yoki 8 soat ushlab turilgan. Oqibatda esa naslli echkilarning 10 boshi o‘lib qolgan va buning natijasida tadbirkor 6000 yevro miqdorida zarar ko‘rgan.
Tadbirkorning da'vo qilishicha, yuqori turuvchi tashkilotlar aralashmaganida, u bojxonada yana ham ushlanib qolishi mumkin ekan.
Ushbu holat bo‘yicha tekshiruv o‘tkazilib, quyidagilar aniqlandi.
Echkilar ortilgan yuk avtotransport vositasi “Daut ata” chegara-bojxona posti orqali respublikamizga 2017 yil 3 iyul kuni soat 13.19 da kirib kelgan.

Chegara-bojxona postida veterinariya xizmati tomonidan belgilangan tartibda nazorat o‘tkazilgan va amalga oshirilgan dezinfeksiya ishlari uchun to‘lov postdagi bank shaxobchasiga to‘langan.
So‘ngra transport vositasi postdagi avtotarozida soat 14.42 da o‘lchangan. Soat 14.49 da esa bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshirish uchun hujjatlar bojxona posti xodimlariga taqdim qilingan. Bojxona xodimlari esa rasmiylashtiruvni yakunlab, barcha hujjatlarni tashuvchilarga taqdim qilishganida soat 15.01 bo‘lgan edi. (Bojxona xodimlari o‘z funksional vazifalarini 19 daqiqa ichida bajarishgan.)
















