Jahon | 00:24 / 23.09.2017
11850
2 daqiqa o‘qiladi

Moldova bosh vaziri o‘z mamlakatidan rossiyalik harbiylar olib chiqib ketilishini talab qildi

Foto: / CC BY

Moldova bosh vaziri Pavel Filip BMT Bosh assambleyasi minbaridan so‘zlayotib, rossiyalik harbiylarning Pridnestrovedan olib chiqib ketilishini talab qildi.

Pridnestrove hududida Sobiq ittifoq parchalangandan keyin Rossiya nazoratiga o‘tgan qo‘shinlar tezkor guruhi joylashgan. Uning asosiy vazifasi tinchlikparvarlik va o‘q-dorilar saqlanuvchi omborlarni qo‘riqlash hisoblanadi.

"Biz Moldova hududida noqonuniy joylashgan, sobiq 14-ittifoq armiyasidan qolgan qo‘shinlarning to‘liq va so‘zsiz olib chiqilishini qayta so‘raymiz", deb aytgan Filip.

Filip shu tariqa BMT Bosh assambleyasida mamlakat hukumati joriy assambleyada alohida band sifatida olib chiqishga umid qilayotgan mavzuni ko‘targan. 

Bundan avvalroq Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sergey Ryabkov bunda Kishinyovning ig‘vogar harakatlarini ko‘rgan va "Moskva bu qadamni oxirgi mahal Kishinyovda Rossiya-Moldova munosabatlaridagi ijobiy o‘zgarishlar dushmanlari tomondan ko‘rilayotgan nodo‘stona aksiyalar zanjiridagi bir bo‘g‘in deb qabul qilishini" ta'kidlab o‘tgan.  

Aholisining 60 foizini rus va ukrainlar tashkil qiladigan Pridnestrove Sobiq ittifoq parchalanishidan avvalroq Moldovaning Ruminiyaga qo‘shilishidan xavotirlanib, uning tarkibidan chiqishga uringan. 1992 yilda Moldovaning muammoni kuch bilan hal qilishga muvaffaqiyatsiz urinishidan keyin, Pridnestrove deyarli Kishinyovga bo‘ysunmaydigan hududga aylangan.

Mavzuga oid