30 oktabr kuni «Espanol»-«Betis» (1:0) hamda «Las-Palmas» - «Deportivo» (1:3) uchrashuvi orqali Ispaniya chempionatining 10-tur uchrashuvlari yakunlandi. «Tribuna» tur yakunlarini sarhisob qiladi.
Ispaniya poytaxtida - 8

«Real»ning Jironaga, Kataloniyadagi voqealar markaziga kelishi bilan bog‘liq barcha trevogalar bo‘rttirilgan bo‘lib chiqdi. Ispaniya nashrlarining xavotirlari o‘rinsiz bo‘ldi va Jironada hech narsa ro‘y bermadi.
Barcha voqealar maydonda bo‘lib o‘tdi. Maydonda siyosatdan xoli voqealar kechdi. Madridning boshqa bir jamoasi «Atletiko»dan ochko tortib olgan «Jirona» o‘z devorlari orasida yanada matonatliroq bo‘lib chiqdi. Bu safar ular o‘z bo‘yidan bir bosh baland sakrashdi. «Qaymoqranglilar»da barchasi joyida ko‘rinayotgandi, birinchi bo‘limda Isko qarshi hujumni gol bilan yakunladi va jamoalar tanaffusga 1:0 hisobidagi ustunlik bilan yo‘l olishdi.
O‘yinning ikkinchi qismi esa maydon egalari ssenariysi ostida kechdi. Stuani va Portu 4 daqiqa ichida Kasili darvozasiga 2 marta to‘p joylashdi.
Zidan yutqazishni istamagandi. U 3 himoyachili sxemaga o‘tdi, qanotlardan Marselo va Ashraf Hakimini olib, Vaskes va Asensioni maydonga tashladi. Ammo o‘yinning qolgan daqiqalarida «Jirona» devorga aylandi va mavsumdagi ikkinchi g‘alabasiga erishish uchun uni himoya qildi. Yaqindagina mustaqillik e'lon qilgan Kataloniya Respublikasi o‘zining ilk katta muvaffaqiyatini nishonladi.
«Real» 1990 yildan buyon ilk marta debyutantga qarshi uchrashuvni boy berdi. Ronaldu va Benzema yana golsiz maydonni tark etdi.

Bir kun ilgari Bilbaoda o‘z o‘yinida g‘alaba qozongan «Barselona» turnir jadvalida «qaymoqranglilar»dan 8 ochko oldinga o‘tib ketdi. Hali qishgacha uzoq, ammo Madridga oktabrdayoq qish keldi, deraza ortida - 8 daraja.
Valverdening qaytishi

Bilbaoda 12 mavsum o‘tkazgan (6 mavsumni futbolchi sifatida va yana 6 mavsumni «Atletik» bosh murabbiyi sifatida, u 2003-05 va 2013-17 yillarda jamoani boshqargan) Ernesto Valverde qadrdon shaharga qaytdi. Qiziq jihati shuki, u «San Mames»da murabbiy sifatidagi ilk o‘yinini aynan «Barselona»ga qarshi o‘tkazgandi.


















