Jahon | 16:30 / 14.11.2017
113420
2 daqiqa o‘qiladi

«Insoniyatga ikkinchi ogohlantirish» - 15 ming olim bong urayotgan muammo

Foto: Reuters

184 davlatdan bo‘lgan 15 mingdan ortiq olimlar insoniyatga asosiy tahdidlar haqida so‘z yuritilgan hujjatni imzolashdi. «Insoniyatga ikkinchi ogohlantirish» BioScience jurnalida e'lon qilingan.

Birinchi «Insoniyatga ogohlantirish» 1992 yilda chiqarilgan. Unga butun jahon bo‘ylab taxminan 1700 olim imzo chekkan. Hujjat Yerdagi hayot ozon tuynuklarining paydo bo‘lishi, suv va havoning ifloslanishi, o‘rmonlarning kesilishi, tuproqning oriqlanishi hamda odamlarning atrof-muhitga aralashuvi oqibatlari tufayli yo‘qolishi haqida hikoya qiladi. Yangi hujjat «Ogohlantirish» e'lon qilinganiga 25 yil to‘lishi munosabati bilan o‘ziga xos yakunlarni sarhisob qildi.

«Insoniyat ekologik muammolarni hal qilishda yetarli ijobiy natijaga erisha olmadi hamda ularning aksariyati yanada jiddiyroq tus oldi», - deya yozadi olimlar.

Asosiy muammo, hujjat mualliflarining fikricha – iqlimning global o‘zgarishi. 1992 yildan beri Yerdagi o‘rtacha harorat Tselsiy bo‘yicha yarim darajaga oshdi, karbonat angidrid gazining yillik chiqarib tashlanishi esa 62 foizga ko‘paydi. Shuningdek, o‘rmonlar soni qisqardi, suv havzalarida baliqlar miqdori kamaydi. Okeanlarda o‘lik hududlar – kislorod kam bo‘lgan zonalar soni oshdi. Bu vaqt davomida insonlar soni 2 mlrd.ga oshdi, shu bilan birga, sut emizuvchilar, sudralib yoki o‘rmalab yuradiganlar, baliqlarning ko‘plab turlari miqdori 30 foizga qisqardi.

«Yaqinda bizning qulash trayektoriyamizdan chetlashish uchun juda kech bo‘ladi», - deya ta'kidlaydi olimlar.

Hujjat mualliflari muammoga yechim topishning qator yo‘llarini taklif etishmoqda. Ular orasida tabiat qo‘riqxonalarini tashkil etish, oziq-ovqat chiqindilari sonini kamaytirish, ekologik texnologiyalarni tatbiq etish, iqtisodiy stimullar yordamida iste'mol modellarini o‘zgartirish kabilar bor.

Mavzuga oid