O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Suv ta'minoti va suv chiqarish xizmati ko‘rsatish sohasida to‘lov intizomini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoniga sharh O‘zA saytida e'lon qilindi.

O‘tgan davr mobaynida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan aholiga uy-joy kommunal xizmat, jumladan, suv ta'minoti va suv chiqarish xizmati ko‘rsatish sifatini tubdan oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi.

Uy-joy kommunal sohasini isloh qilish doirasida suv resurslaridan oqilona foydalanishni ta'minlashga alohida e'tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, bu masala suv resurslari cheklangan, suvga talab oshib borayotgan va mamlakat aholisi soni o‘sib borayotgan sharoitda yanada dolzarb ahamiyat kasb etadi.

Shu bilan birga, so‘nggi yillarda vodoprovod-kanalizatsiya xo‘jaligida to‘planib qolgan tizimli muammo va kamchiliklar suv ta'minoti va suv chiqarish xizmatlari uchun qarzdorlikning oshib borishiga va to‘lov intizomining pasayishiga sabab bo‘lib, oxir-oqibatda tarmoqning umuman rivojlanishdan ortda qolishiga olib kelmoqda.

Eng avvalo, so‘z respublika vodoprovod-kanalizatsiya xo‘jaligida suvni ishlab chiqarish, sarflash va iste'mol qilishni hisobga olish tizimining amalda mavjud emasligi haqida bormoqda.

Masalan, bugungi kunda respublika bo‘yicha suv olish inshootlari, suv quvurlari, vodoprovod tarmoqlari hamda suv ta'minoti va suv chiqarishning boshqa obektlarida suvni hisobga olish uskunalari bilan ta'minlash atigi 29,4 foizni, iste'molchilarni qamrab olish esa 42 foizni tashkil etadi.

Oqibatda, amaliyotda suvning yetkazib berilishi, to‘lovlar o‘tkazilishi va o‘zaro hisob-kitoblar holati, shuningdek, iste'molchilarning debitor qarzdorligi haqidagi ma'lumotlarning ishonchliligi ta'minlanmayapti.

Bundan tashqari, uy-joy kommunal sohasida suv ta'minoti korxonalarini, jumladan menejment va debitor qarzdorlik undiruvini tashkil etish masalalarini boshqarishda samarali tizim mavjud emas.

Buning oqibatida yuzaga kelgan vodoprovod-kanalizatsiya xo‘jaligi korxonalarining zarar bilan ishlashi, shuningdek, mazkur korxonalarda katta miqdordagi kreditor va debitor qarzdorlikning mavjudligi ularning moliyaviy ahvolini ichki imkoniyatlar hisobidan yaxshilash imkonini bermaydi.