Amerikaning Forbes jurnali 1988 yil 12 dekabrda quyosh energetikasi va yangi texnologiyalar istiqbollari haqida maqola chop etgan edi. Unda bugungi kunda keng qo‘llash boshlangan quyosh energiyasidan foydalanish haqida fikrlar bildirilgan. Quyida o‘sha maqola bilan tanishish imkoniga egasiz.
Quyosh energiyasidan keng miqyosda foydalanish — amalga oshishi uchun ko‘p bor orzu deb o‘ylaysizmi? Ammo Zoltan Kiss so‘zlariga ishonadigan bo‘lsak, unday emas. Chronar kompaniyasi asoschisining aytishicha, quyosh energiya tez orada boshqa elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi manbalar bilan raqobatlasha boshlaydi.
Zoltan Kiss 10 yil davomida mehnat qilgan ishini oxiriga yetkazish arafasida. U Nyu-Jyersi shtatidagi Chronar Corp. firmasi prezidentidir. Kiss Chronar kompaniyasida kremniyli fotoelementlarning AQShdagi eng yirik va muvaffaqiyatli ishlab chiqarishini yo‘lga qo‘ydi. 30 sm.ga 90 sm bo‘lgan panellar yorug‘likni elektr energiyasiga aylantiradi. Chronar shu orqali xarajatlarini tez orada qoplaydigan ko‘rinadi.
Pochta orqali buyurtmalar beruvchilar, allaqachon, Chronar kompaniyasining hech bo‘lmaganda bitta mahsulotini yaxshi biladi. Bular quyosh batareyalari negizida ishlaydigan bog‘ chiroqlaridir. Ammo Chronar bundan ham muhimroq ishlab chiqarish bilan shug‘ullanmoqda. U jahon elektr energiyasi bozorida o‘z o‘rniga ega bo‘lishni xohlamoqda.

«Amorfli kremniy texnologiyasini ishlab chiqish uchun biz ishlab chiqarish jarayonini aniqlab olishimiz kerak edi. Shundan so‘ng, mavjud bo‘lmagan uskunani ishlab chiqishimiz, undan keyin mablag‘ topib, korxonani ishga tushirishimiz talab etilardi. Siz ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymaguncha, mahsulotni ololmaysiz, axir. Bizning bu darajaga chiqishimizga 10 yil vaqt talab etildi», — deydi Kiss.
Fotoelektrik qurilmalar allaqachon fazoda o‘z samaradorligini namoyish etib ulgurgan. Ammo xarajatlar juda katta bo‘lgani sababli ularni ishlab chiqarish sanoatini yo‘lga qo‘yish sekin rivojlanmoqda. Hammasi shisha, po‘lat, alyuminiy yoki plastik ustida mikroskopik tarzda yupqa amorf nokristall qoplamalar ishlab chiqilganidan so‘ng tezlashdi. Tannarx kamaygani sari quyosh energiyasi, atrof-muhit va energiya manbalari bilan bog‘liq muammolar e'tiborga olinsa, eng qulay manba bo‘lib qoladi.
Fotoelektr elementlari ishlab chiqarish sohasida boshqa firmalar ham bor. Bular Arco Solar, Energy Conversion Devices va Amoco Solarex bo‘limi. Biroq Chronar kopaniyasi raqiblaridan ancha ilgarilab ketdi v fotoelektr qurilmalarni sanoat uslubida rivojlantirmoqda. Chronar bevosita yoki xorijdagi qo‘shma korxonalar ishtirokida yiliga 10 000 kilovatt energiya ishlab chiqara oladi. Kelasi yilda bu raqamni ikki karra ko‘paytirish rejalashtirilgan.










