12:16 / 06.12.2017
9453

Klattenburg APLni tark etishiga Mourino sababchi bo‘lgan 

Angliya Premer Ligasida ishlagan mashhur hakam Mark Klattenburg Saudiya Arabistoniga ketib qolganining sababini aytib berdi, deb yozmoqda Onefootball

«Men Ueyn Runi Bobbi Charltonning rekordini yangilagan o‘yinda hakamlik qilgandim. Uchrashuvdan keyin oldimga norozi qiyofada Mourino keldi va qo‘l bilan o‘ynalgan vaziyatda penalti belgilamaganimni gapira ketdi. 

Men eng sovuq stadion «Stok Siti» maydonida o‘yinni boshqardim, buning ustiga «Manchester Yunayted» ishtirokidagi o‘yinlarda ishlash yanayam qiyin. O‘yinni juda yaxshi boshqardim deb o‘ylayman, o‘sha vaziyatni ham aniq ko‘rgandim, to‘p ko‘krakka tekkandi, lekin Mourino boshqacha fikrini ayta boshladi va mening xayolimga shubha urug‘ini sochdi. Men 250 mil yo‘l davomida faqat shu haqida o‘yladim – nahotki, xato qilgan bo‘lsam? Holatimni rafiqam ham sezdi, men esa, o‘zimga o‘zim savol berdim – «bunday vaziyatlarning bir parchasi bo‘lishni istayapmanmi? Hakamlik qilish menga yoqadimi?»

Sezdimki, endi bu ishdan oldingidek zavq olmayotgandim. Shuning uchun Saudiya Arabistonidan taklif bo‘lganida, qaror qabul qilishim oson bo‘ldi», degan 42 yoshli Mark Klattenburg.  

Klattenburg 2004 yildan 2017 yilgacha Angliya Premer Ligasi o‘yinlarini boshqarib kelgan. Uning faoliyatidagi eng cho‘qqi 2015/16 futbol mavsumining oxiri bo‘lgandi. Mark o‘shanda bir yarim oy ichida uch finalni boshqarishga muvaffaq bo‘lgan. Unga avvaliga Angliya kubogi finalini, keyin Chempiionlar Ligasi finalini, iyulda esa, Yevropa chempionati finalini boshqarish ishonib topshirilgandi. 

Qizig‘i, Mark Klattenburg Angliyada «Manchester Yunayted»ga befarq bo‘lmagan hakam sifatida juda ko‘p bor tilga olinadi. Jumladan, yuqorida eslatib o‘tilgan Angliya kubogi finalida ham «Kristal Pelas»ga qarshi o‘ynagan «Manchester Yunayted» foydasiga qarorlar qabul qilganlikda ayblangandi. Hakamning o‘yin oldidan «MYu» sobiq murabbiyi Aleks Fergyuson bilan juda yaqin munosabatda bo‘lgani va birga xazil-xuzul qilgani ko‘pchilikning e'tiborini tortgandi. Shuningdek, «Chelsi»ning ikki futbolchisi maydondan chetlatilgan 2012 yildagi o‘sha mashhur o‘yinda ham Klattenburgning «MYu»ga yordam bergani haqida fikrlar ko‘p bo‘lgan. 

2017 yilda unga Saudiya Arabistonidan hakamlar qumitasini boshqarish taklifi tushadi va Mark ko‘pchilik uchun kutilmaganda, bu taklifni qabul qildi.

Top