Ukraina sobiq bosh vaziri Arseniy Yatsenyukning fikricha, Qrimning Rossiya tomonidan bosib olinishi – sobiq prezident Viktor Yanukovich va Rossiya prezidenti Vladimir Putinning fitnasi oqibatidir.

Bu haqda Yatsenyuk Kiyevning Obolon sudida ma'lum qildi. U yerda Viktor Yanukovich ishi bo‘yicha eshituvlar o‘tkazilmoqda, sobiq prezident davlatga xiyonat qilishda hamda Ukrainaga qarshi harbiy tajovuzkorlikka ko‘mak ko‘rsatishda ayblanmoqda.

Sud Yatsenyuk va Avakovni Yanukovich ishi bo‘yicha guvohlar sifatida so‘roq qilishga 7 dekabr kuni ruxsat berdi. Ayblov tomonining guvohlari ro‘yxatida Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenko, Oliy rada spikeri Andrey Parubiy, Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Aleksandr Turchinov hamda boshqa yuqori mansabli mulozimlar bor, deb xabar qilmoqda Bi-bi-si.

Yatsenyuk Yanukovichning Vladimir Putinga yozma murojaati haqida eslatib o‘tgan, u, Ukraina sobiq bosh vazirining fikricha, yarim orolni bosib olishda katta o‘rin tutdi.

"Yanukovichning murojaati Qrimga Rossiya qo‘shinlari kiritilishini qonuniy deb atalishida muhim o‘rin tutdi, - deya Yatsenyukning bayonotidan iqtibos keltirada Bi-bi-si. – Men Viktor Yanukovich hamda Vladimir Putin shunday bayonot haqida kelishib olganini istisno etmayman. Bu Rossiya uchun juda muhim bayonot edi, ular shu yo‘l bilan qo‘shinlar kiritishga qonuniy tus berishmoqchi bo‘lishgan, Qrimni noqonuniy bosib olish bo‘yicha majburiyatdan, shu jumladan xalqaro tuzilmalarda ham qochishga harakat qilishgan".

Yanukovichning himoyachilari esa sudda Qrimning Rossiyaga qo‘shilishida rasmiy Kiyevning amaldagi rahbarlari aybdor ekanini isbotlash niyatida. 

"Biz shunday fikrdamizki, Qrimning bosib olinishi Viktor Yanukovich harakatlari tufayli emas, balki Yevromaydandan so‘ng hokimiyat tepasiga kelgan Ukraina rahbariyatining harakatsizligi sabab ro‘y berdi", - deya Yanukovichni himoya qilish bilan shug‘ullanayotgan "Aver Lex" kompaniyasi yuristi Vitaliy Serdyukning so‘zlarini keltiradi Bi-bi-si.

Yanukovich 2014 yilning fevralida yuz bergan ommaviy norozilik namoyishlari vaqtida Ukrainadan qochib chiqib ketdi. Ukrainada unga qarshi bir necha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, jumladan, davlatga xiyonat qilish bo‘yicha ham. Bu ayblovga Yanukovichning Rossiya prezidenti Vladimir Putinga Ukrainaga rus qo‘shinlarini kiritish haqida iltimos bo‘lgan yozma murojaati asos qilib olingan, deya tushuntirishgandi Ukraina prokuraturasidan. 

Shuningdek, Bosh prokuraturadagilarning fikricha, aynan Yanukovich 2014 yilning qish oylarida yuz bergan norozilik namoyishlari vaqtida odamlarning halok bo‘lishiga aybdordir. Tergovga ko‘ra, u huquqni muhofaza qilish organlari rahbarlariga Yevromaydan faollarini o‘qqa tutish haqida buyruq bergan.