Surxondaryo viloyatiga uyushtirgan ijodiy safarimiz davomida Termizda DSP (ruschadan tarjima qilinsa — drevesnostrujyechnaya plita, yog‘och-payraxali plita) fanerlari ishlab chiqarilayotgani, boz ustiga, xomashyo sifatida Amudaryo sohillarida qarovsiz, o‘z holicha o‘sib yotgan qamishdan foydalanilayotgani haqidagi xabarni eshitishimiz bilan, ushbu korxona bilan yaqindan tanishish istagimiz chandon ortdi.

2017 yilning iyul oyidan faoliyat ko‘rsatayotgan, 150 ga yaqin ishchi mehnat qilayotgan «Surxon KSP Grant» mas'uliyati cheklangan jamiyatida (rahbari Bahodir Qodirov) korxona ehtiyojlari uchun Amudaryo bo‘ylarida o‘sayotgan qamish pishib yetilgach, kuz oylarida mavsumiy ishchilar jalb qilingan holda o‘rib olinar va jamg‘arilar ekan.

Bizga tushuntirishlaricha, qamish barraligida o‘rilsa, uning tolalari mustahkamligi ko‘zlangan darajada bo‘lmas ekan. Shu sababli qamish sentabr oyidan dekabr oylarigacha o‘rib jamg‘ariladi. Ayni paytda Amudaryo bo‘ylarida tabiiy ravishda o‘sayotgan qamishlarning atigi 7–10 foizidangina foydalanilmoqda. Qamishning o‘rilmasdan qolgan qismi Afg‘oniston bilan chegara ochiq ko‘rinib turishligi uchun chegarachilar tomonidan yoqib yuboriladi, qolganini o‘rib olib kelish sanoat korxonasining ehtiyojidan ortiq, bunga yetarli ishchi kuchi ham yo‘q.

«Korxonadagi stanoklarning barchasi Xitoyda qamish uchun moslashtirilib, maxsus ishlab chiqarilgan. Barcha jarayonlar to‘liq avtomatlashtirilgan. Xitoydagi hamkorlar ham kelib, bu yerda ish qanday tashkil etilganini ko‘rib, qolaversa, Muzrabot tumanida Amudaryo sohillarida poyonsiz qamishzorlarni tomosha qilib, bu ishga juda qiziqib qolishdi. Chunki xomashyo tekin — o‘zi o‘sib yotibdi. Faner yasash uchun zarur bo‘ladigan yelim ham «Navoiyazot» korxonasida ishlab chiqariladi. Bu sanoatni 100 foiz mahalliylashtirish degani», — deydi viloyat iqtisodiyot va hududlarni kompleks rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Rustam Pardayev.

Xitoylik hamkorlar «yangi zavod uchun faqat yer ajratib, binosini qurib bersalaring bu zavoddan olti barobar kattarog‘ini barpo etamiz», deb ketishgan. Ular bu yerdagi ishlab chiqarish jarayonini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib, lol qolishgan. Chunki shu paytgacha ular terak, g‘o‘zapoya va boshqa daraxtlardan faner ishlab chiqarish uchun stanokka buyurtma olishgan, biroq qamishdan faner ishlab chiqarilayotganini ular ham birinchi bor uchratishi ekan.