Bugun «Vestnik Mordovii» nashri Ukraina Donbassga «bombalar yomg‘iri» yog‘dirishga hozirlanayotgani to‘g‘risida xabar tarqatdi. Xabarda aytilishicha, ukrainalik harbiylar 600taga yaqin artilleriya qurollarini jangovar holatga keltirishgan.
19 dekabr kuni Donbassda sulhga erishish bo‘yicha nazorat va kordinatsiya qo‘shma markazi (STsKK) tarkibidagi rossiyalik zobitlar uning tarkibidan chiqdi. OAV xabariga ko‘ra, rossiyalik harbiylar mojaro hududini tark etishgan.
Ukrainalik harbiylar ham markazdan chiqishi aytilmoqda.
Ukraina qurolli kuchlari ma'lumotiga ko‘ra esa, ukrainalik harbiylar ayirmachilar nazoratidagi hududdan ketishgan, lekin markaz tarkibida faoliyatini davom ettirmoqda.
Donbass bo‘yicha muzokaralar jarayoni ishtirokchilari va siyosiy tahlilchilarning fikricha, Rossiyaning ketishi STsKK mavjudligiga barham beradi.
Bu esa kelgusida harbiy asirlarni almashish jarayonini qiyinlashtirib, hududda jangovar harakatlar yangidan avj olishiga olib kelishi mumkin.
Operativ kommunikatsiya

Qo‘shma markaz - keyingi vaqtlarda rossiyalik va ukrainalik harbiylarni o‘z ichiga olgan holda faoliyat olib borgan organ. Uning tarkibiga ikki tomondan 75 nafardan harbiy kirgan.
Markazda ayirmachi kuchlarning rasmiy vakili bo‘lmagan, ammo «Lugansk xalq respublikasi» va «Donetsk xalq respublikasi» bu yerga norasmiy vakillarini «tayinlab turishgan».
Rossiyaliklar ham, ukrainaliklar ham frontning ikki chizig‘ida tomonlar sulhga qay darajada amal qilishini kuzatib borishgan.
«Bu operativ kommunikatsiya edi», deya baholaydi Ukraina harbiy havo kuchlari harbiy eksperti Mixail Jiroxov.
Uning izohlashicha, STsKK tarkibidagi rossiyalik ofitserlar «LXR» va «DXR» qurolli bo‘linmalari qo‘mondonlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarga ega bo‘lgan, ukrainalik harbiylar esa Ukraina Ma'muriy-hududiy tuzilma (ATO) sektorlari rahbarlari bilan bog‘lana oladi.






















