KUN.UZ sayti tahririyatga hududlardan kelgan murojaatlarni o‘rganish va joylardagi mavjud muammolarni keng jamoatchilik e'tiboriga yetkazish borasida sa'y-harakatlarni davom ettirib kelmoqda.
Tahririyat muxbirlari 19 dekabr kuni Sirdaryo viloyatining Guliston shahridan tushgan murojaatlarni atroflicha o‘rganish maqsadida ushbu shaharga bordi. Asosan mahalliy tadbirkorlardan tushgan murojaat shaharning qoq markazida joylashgan bozorning ko‘chirilishi bilan bog‘liq edi.

Joyiga chiqib vaziyat bilan tanishganimizda, haqiqatdan ham shaharning temir yo‘l vokzali, bir tomondan shahar hokimiyati va boshqa ma'muriy binolar yaqinida 3 ta yirik bozor faoliyat yuritganiga guvoh bo‘ldik. Shu yilning yanvarida bozorlarning biri – dehqon bozori Boyovut tumanining Guliston shahri bilan chegaradosh hududiga ko‘chirilgani ba'zi tadbirkorlar va aholi orasida noroziliklar, tushunmovchiliklarga sabab bo‘lmoqda.
Buzilishi to‘xtab qolgan, u yoqli yoki bu yoqli bo‘lishini kutayotgan bozordagi sanitar ahvolni tasvirlar so‘zlab turibdi. Unga olib boruvchi yo‘llar ham ola-tasirda buzilib tashlangani holida. Lekin aholining aksari shu bozorga ko‘nikkani sababli shahar chetida yangidan barpo qilingan bozorga borishni unchalik ham ma'qul ko‘rayotganlari yo‘q.

Hozircha, buzilmay qolgan ikki bozor, shu jumladan xalq tilida Qo‘qon bozor deb nomlanuvchi, yaqinda alanga domida qolgan kiyim kechak bozori faoliyatini o‘z o‘rnida davom ettirmoqda. Xo‘sh, aholi va tadbirkorlarning noroziliklari nimalardan iborat?
Ularning aytishicha, bozorni ko‘chirishdan avval xalq fikri o‘rganilmagan, chunki aksariyat shahar aholisi ushbu bozorga o‘rgangan, ishdan uylariga qaytish chog‘ida ham savdo-sotiq qilish uchun qulay bo‘lgan. Tadbirkorlar esa, yangi qurilgan dehqon bozorida joy tanqisligi, savdo-sotiq bilan shug‘ullanishni istaganlarning barchasiga ham savdo rastalaridan joy yetmaganligi, xaridorlarning barchasi ham yangi bozorga bormayotganligi uchun tushum kamligi, qishda sovuqligidan nolishmoqda. Shu sababli ayrimlari Qo‘qon bozorga tutash yo‘lning chekkalarida ham savdo qilishga majbur bo‘lishmoqda.

Bundan tashqari buzilishi rejalashtirilayotgan bozor ayni vaqtda yopilgan bo‘lsa-da, ishlar to‘xtab qolgan. Hujjatlari risoladagidek bo‘lgan tadbirkorlarga kompensatsiya to‘lovlari berilishi, yangi bozordan ijaraga joy taqdim etilishiga va'da berilgan. Ammo, hozircha tovon pulidan darak yo‘q deyishmoqda, tadbirkorlar.



















