So‘nggi yillarda Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev o‘z chiqishlarida ibratli rivoyatlardan misol keltirmoqda. Davlat rahbari qozog‘istonliklarni 2018 yil bilan qutlar ekan, bir ibratli rivoyatni yodga solishga qaror qildi. Tengrinews Nazarboyevning chiqishlaridagi  rivoyatlarini bir maqolaga birlashtirdi.

Rahbarlar o‘z xodimlariga qanday munosabatda bo‘lishi kerak?

"Sharqda bir ulug‘ maxaraja bo‘lgan ekan, u juda ham zerikib ketibdi. Uning hamma narsasi bor bo‘lgani bois hayotga qiziqishi so‘nggan edi. Maxarajaning talablariga hech kim "yo‘q" deb javob bermaydi, u barchasiga erishgan. Biroq u zerikishdan kasal bo‘lgandi. Qayerdadir uni bu kasallikdan davolovchi avliyo borligini eshitadi. U bir umr xizmat qilgan xizmatkorini o‘zi bilan birga olib, yo‘lga chiqadi. Yo‘lda bo‘ron turib, ularni qum bosib qoldi. Tuyalar va karvon yo‘qoladi. Ular ikkisigina qolishadi. Tashnalikdan o‘zi ham, xizmatkori ham o‘lim yoqasida qolgan edi. Meshda bir necha suv tomchisi bo‘lib, uni yo o‘zi, yoki xizmatkori ichib omon qolishi kerak edi..." - deya so‘zlab bergan Nazarboyev 2016 yilning sentabrida Pavlodar viloyatiga qilgan safari chog‘ida.

"Maxaraja 30 yillik xizmati davomida birinchi marta unga umrini fido qilayotgan xizmatkori borligi haqida o‘ylab qoldi. U esa biror marta unga minnatdorchilik ham bildirmabdi, boshini silamabdi. "Qanday odam bo‘ldim" deb o‘ylab, meshdagi qolgan suvni xizmatkorning og‘ziga tomizibdi. Xizmatkor darrov o‘ziga kelib, yana unga xizmat qila boshlabdi. Shu payt sharros yomg‘ir quyib yuboribdi, hamma omon qolibdi. Shunda xizmatkor "Hazrat, avliyoni izlashda davom etamiz" degan ekan, maxaraja "Yo‘q, men o‘zimga kerakli narsani topdim, boshqa izlashga hojat yo‘q. Uyga qaytamiz!" debdi. Demak, maxaraja o‘ziga xizmat qilgan, amal jihatidan pastroq odamga xayrli ish qilish ortidan baxt topdi. Shu bois yuqori lavozimdagilarning  o‘zidan past martabali xodimlarga hurmati insoniy, olijanob bo‘lishi kerak.  Insonning mohiyati ham shunda", - deya xulosa qildi prezident. Shu bilan birga, Nazarboyev rahbarlar o‘zlarini xodimlaridan yuqori tutib, ular bilan baland ovozda suhbatlashishini yoqtirmasligini ta'kidladi.

Foto: Tengrinews

Qanday qilib baxtli bo‘lish mumkin?

"Hamma baxtli bo‘lishni xohlaydi. Bu baxtni qayerga yashirsam ekan? Yerga bekitsam - topishadi, suvga yashirsam - topishadi. Hatto osmonda ham topishadi. Keling, baxtni har bir insonning o‘ziga yashiraylik. Unga erishish uchun kuchli istak va intilish bo‘lsa bo‘lgani. Sizga baxt tilayman!", - dedi davlat rahbari Yangi yil bayram tantanasida.