O‘tgan oylarda internet saytlarida «Sharshara» brendi ostidagi kolbasa mahsulotlariga eshak go‘shti qo‘shilib, savdoga chiqarib kelishayotganligi borasida rasmiy xabarlar tarqaldi. Keyinroq, Toshkent shahridagi bozorlarga o‘limtik va aynigan go‘shtlar yetkazilgani haqidagi xabarlar paydo bo‘ldi. Ha, aybdorlar aniqlandi, ular jinoiy javobgarlikka tortildi. Lekin bunday go‘sht va go‘sht mahsulotlarini bilmay iste'mol qilgan odamlarning hukmi qanaqa bo‘ladi?

Ana shunday savollarga javob tariqasida Yunusobod tumani bosh imom-xatibi, Rahmatulloh Sayfuddinovning maqolasi KUN.UZ tahriryaiti ixtiyoriga kelib tushdi, uni e'tiborlaringizga havola qilamiz.

* * *

Ibn Abbosdan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: Albatta, Alloh mening ummatimdan xatoni, unutilgan va majbur qilingan narsani kechirgandir, dedilar».

Ibn Moja rivoyat qilgan.

Ushbu hadisi sharifda Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ummatlariga Alloh taolo tomonidan bo‘lgan ulkan marhamat haqida so‘z ketmoqda. Ya'ni, musulmon kishi beixtiyor sodir etgan gunohlari uchun javobgar bo‘lmasligi bayon etilmoqda. Bu hadis o‘zida ulkan ma'noni mujassam qilgandir. Insonning haqiqiy aybdor yoki aybdor emasligini aniqlashdagi katta va asl qoidani bayon etmoqda. Fuqaholarimiz ushbu hadisi sharifdan fiqhiy hukmlarni ishlab chiqishda keng foydalanishgan.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ushbu hadislarida Alloh taolo u zotning ummatlaridan uch narsani kechib yuborgani haqida bayon bermoqda.

1. Xato, ya'ni bir narsani bilmasdan qilib qo‘yish. Misol uchun, bir ishni qilsa bo‘ladi, deb tushungan holda qiladi, keyin shariatda man qilinganligi ayon bo‘ladi. Shuningdek, bir niyat bilan qilsa, natija aksincha chiqadi. Misol uchun, ovlash maqsadida hayvonga otgan o‘qi odamga tegib ketishi mumkin. Bunga o‘xshash holatlarda inson xato qilgan bo‘ladi. Uning xatosi kechiriladi. Chunki bu narsa uning ixtiyoridan tashqari sodir bo‘ldi. Sodir etilgan xato Allohning haqqi bo‘lsa, butunlay kechib yuboriladi. Bandaning haqqi bo‘lsa, yengillashadi. Masalan, inson bir kishini xato tufayli o‘ldirgan bo‘lsa, oldingi misolda aytilganidek, hayvonga otgan o‘qi odamga tegib ketsa, qasos uchun o‘qni otgan kishi o‘ldirilmaydi, balki u o‘lgan kishi uchun xun to‘laydi.