Bir paytlar «Tottenhem» Garet Beyl transferidan tushgan pulga 8 nafar futbolchini sotib olganda, Brendon Rojyers raqibning ustidan kulgan va klubda strategiya yo‘q ekanini aytgandi. Bir yil o‘tib, xotirasi yaxshi muxlislar Rojyersning o‘ziga bu haqida eslatishdi – Luis Suaresni sotishdan tushgan tushumni shimoliy irlandiyalik murabbiy xuddi shu shaklda sarflab yuborgan: o‘sha transferlarning to‘rt nafari allaqachon Liverpulni tark etib ulgurdi, undan tashqari Emre Jan «Yuventus»ga o‘tishga yaqin, Morena va Lovren esa, muxlislarning asabini o‘ynashda davom etmoqda.  

Bu tajriba shuni ko‘rsatadiki, ulgurji xaridlar klub uchun zarar. Bu ishni qishki transferlar chog‘ida amalga oshirish, ayniqsa. To‘g‘ridan to‘g‘ri Koutinoga o‘rinbosar topib qo‘ya qolish eng aqlli qarordek ko‘rinadi, ammo bozorda yangi Koutinoni topish ham oson emas. Agar shunday futbolchi bo‘lgan taqdirda ham, «Liverpul»da endi pul ko‘pligini bilganlar o‘sha futbolchining narxini ham maksimal ravishda oshirib qo‘yishadi. 

Aftidan, Riyod Mahrezning transferi amalga oshmaydi. Aslida bu haqdagi xabarlar ham yo‘q joydan tarqalgandi. Ma'lumki, jazoirlik futbolchi o‘ng qanot hujumida (Salohchi?) yoki «o‘nlik» sifatida (Kloppda bunday pozitsiya umuman yo‘q) to‘p suradi. Mahrezning kelishi Klopp muammosini yechishdan ko‘ra, qo‘shimcha boshog‘riqlar paydo qilishi shubhasiz. 

«Monako»dagi Toma Lemar balki, Koutinoni o‘rnini bosish uchun eng maqbul variant. Ammo fransuzlar allaqachon Lemar hech qanday pulga sotilmasligini aytib bo‘lishgan. Yozda ham Lemarning sotilmasligi aytilgan va xaridorlar hadeb bezor qilavergach, umuman reallikdan uzoq bo‘lgan narx belgilab qo‘yilgandi. Qishda bu talab yanada oshishi mumkin, Lemarga xuddi «Arsenal» va'da qilgan kabi, yuz milliondan ortiq pul sarflash katta risk, albatta. 

Xo‘sh, nima qilish kerak?

Mavsum boshidagi o‘yinlarni eslash

Bugungi «Liverpul»ning Koutinoga bog‘liqligi avvalgi mavsumlardagi kabi emas. Yaratilgan xavfli vaziyatlar, gollar va assistlarni tahlil qilsak, Koutino umuman to‘rtinchi o‘rinda – Saloh, Mane va Firmino yaxshiroq ko‘rsatkichga erishishgan. 

Aslida ham, «Liverpul»ning eng kuchli davri aynan mana shu uch futbolchi oldingi chiziqda to‘p surgan paytlarga to‘g‘ri keladi – mavsum boshida Koutinoning jarohati sabab, Klopp bu uch futbolchi bilan 4-3-3 sxemasini sinab ko‘rgandi. To‘g‘ri, «Manchester Siti»dan qabul qilingan yirik mag‘lubiyat (Mane qizil kartochka olgandi) umumiy kartinani buzib yubordi, lekin undan oldin uch kun ichida «Hoffenhaym» va «Arsenal» umumiy 8:2 hisobida yer tishlatilishi «Enfild»dagi tomoshabinlarga ajoyib zavq ulashgandi.