9 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada rivojlantirish va xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri, uning o‘rinbosarlari, tegishli vazirlik va tashkilot rahbarlari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda o‘tgan yilda erishilgan natijalar alohida qayd etilar ekan, 2018 yilda va yaqin istiqbolda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan ustuvor vazifalar haqida ham so‘z bordi.
Prezident axborot texnologiyalari sohasida hali qilinadigan ishlar ko‘pligi, erishilgan natijalar boshqa davlatlarga qaraganda ancha past ko‘rsatkichda ekanini qayd etdi.
Misol uchun: axborot texnologiyalari sohasining mamlakat yalpi ichki mahsulotidagi ulushi Janubiy Koreyada – 9 foiz, Yaponiyada – 5,5 foiz, Xitoy va Hindistonda – 4,7 foiz, O‘zbekistonda atigi 2,2 foizni tashkil etadi. Buni axborot-kommunikatsiya rivojlanish indeksi reytingdagi 176ta mamlakat ichida O‘zbekiston 95-o‘rinni egallagani isbotlab turibdi.
Yig‘ilishda Internet tarmog‘iga ulanish qamrovini kengaytirish va tezligini oshirish, dasturiy ta'minot, telekommunikatsiya sohasida yetakchi xorijiy kompaniyalar bilan aloqa o‘rnatish, «Elektron Hukumat» tizimini yanada rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan axborot berildi.
«Internetdan 20 million aholi foydalanadi, deb hisobot bergansizlar. Biroq, milliy Internet orqali taklif etiladigan xizmatlar doirasi juda cheklangani sababli, aholining aksariyat qismi Internetdan faqat Telegramda yozishma uchun foydalanadi, xolos», dedi Shavkat Mirziyoyev.
Yig‘ilishda MDH davlatlari bo‘yicha Internetning o‘rtacha tezligi O‘zbekistondagidan 10 marta yuqoriligi qayd etildi. Aloqa operatorlari chekka hududlarda, avtomobil va temir yo‘llarga yaqin hududlarda telekommunikatsiyalarni kengaytirishga sarmoya kiritmayotgani ta'kidlandi.
Mutasaddilarga Internet narxini keskin arzonlashtirish, tezligini kamida 4 barobarga oshirish, 2020 yilgacha esa MDH davlatlari darajasiga yetkazish chora-tadbirlarini ko‘rish bo‘yicha zarur topshiriq berildi.
Bugun «Xavfsiz shahar» yagona kompleksini yaratish dasturiga muvofiq loyihaning konsepsiyasi ishlab chiqildi. Unga ko‘ra, Toshkent shahrida 16 mingdan ortiq kameralar o‘rnatish, Ma'lumotlarni qayta ishlash markazi va «Situatsiya markazlari»ni tashkil etish belgilangan. Shuningdek, «Xavfsiz turizm», «Xavfsiz hudud», «112» tizimi, oliy ta'lim muassasalariga imtihon topshirish jarayonlariga videokuzatuv hamda yo‘l harakati qoidalari buzilishlarini ro‘yxatga olish tizimlarini joriy etish ko‘zda tutilgan.

















