O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari tashkil etilganining 26 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan bayram tabrigi yo‘lladi.

Hurmatli askar va serjantlar, ofitser va generallar, Qurolli Kuchlarimiz xizmatchilari va faxriylari!

Qadrli vatandoshlar!

Sizlarni, sizlar orqali butun xalqimizni O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 26 yilligi va Vatan himoyachilari kuni bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.

Bu qutlug‘ sana mamlakatimizda vatanparvarlik, ona yurtga sadoqat, mardlik va jasurlik kabi ezgu qadriyatlarni, xalqimizga, buyuk ajdodlarimizning munosib vorislariga xos bo‘lgan yuksak fuqarolik fazilatlarini o‘zida mujassam etadigan tom ma'nodagi umumxalq bayramiga aylandi.

Hozirgi kunda dunyoda oldindan aytish qiyin bo‘lgan vaziyat hukm surayotgan murakkab bir sharoitda mamlakatimiz xavfsizligi va hududiy yaxlitligini, jamiyatimizda tinchlik va totuvlikni ta'minlash naqadar muhim ahamiyatga ega ekanini chuqur anglagan holda, biz 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirish bo‘yicha qabul qilgan Harakatlar strategiyasida yurtimiz mudofaa salohiyatini yanada mustahkamlash va Qurolli Kuchlarimizni rivojlantirishni ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida belgiladik.

Ushbu Strategiya asosida biz o‘tgan yil davomida mamlakatimiz hayotining boshqa tarmoqlari qatorida harbiy qurilish sohasida ko‘pgina eng dolzarb va muhim masalalar bo‘yicha aniq chora-tadbir va harakatlarni ko‘zda tutadigan qarorlar qabul qildik, ularni amalga oshirish bo‘yicha ishlarni samarali tashkil etdik.

Shu tariqa qisqa vaqt mobaynida aniq natijalarga erishdik, Qurolli Kuchlarimizning kelgusidagi qiyofasini belgilab beradigan strategik tamoyillar va ana shu maqsadga erishishga qaratilgan keng ko‘lamli kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqishga muvaffaq bo‘ldik.

Avvalo, tashqi siyosatimizning moslashuvchanligi va ochiqligi, qo‘shnilarimiz bilan do‘stona va amaliy munosabatlarni rivojlantirish, Vatanimiz mustaqilligi va suverenitetini saqlash eng ustuvor  vazifa ekani haqidagi prinsiplar asosida O‘zbekiston Respublikasining Mudofaa doktrinasi yangilangan holda qabul qilindi.

2017 yilda Milliy gvardiya va Mudofaa sanoati bo‘yicha davlat qo‘mitasi tashkil etildi, harbiy okruglarning tarkibiy tuzilishi va vazifalari tubdan qayta ko‘rib chiqildi, qo‘shinlarni boshqarish tizimi takomillashtirildi, ularni bosqichma-bosqich zamonaviy qurol-yarog‘ va texnika bilan ta'minlash bo‘yicha muhim qadamlar qo‘yildi.