Qozog‘istonning Aqto‘be viloyati Irg‘iz tumanida yuz bergan avtohalokat natijasida O‘zbekistonning 52 nafar fuqarosi halok bo‘ldi. Odamlar Qozog‘iston janubidan Rossiyaning Samara va Qozon shaharlariga ketish yo‘lida avtobus ichida tiriklay yonib ketishgan; faqatgina 5 kishi olov changalidan qutilib qololgan.

Pul ishlash uchun yo‘l olgan yoki, aksincha, o‘z vatanlariga qaytayotgan mehnat migrantlarining yo‘l-transport hodisasiga duchor bo‘lishi tez-tez kuzatilmoqda. Avtohalokatlar ko‘pincha migrantlar yo‘l bosadigan Qozog‘iston yoki Rossiya hududida ro‘y beradi. «Ochiq osiyo onlayn» faqatgina 2017 yilning o‘zida ro‘y bergan eng rezonansli avtohalokatlarni yodga oladi.

Rossiya yoki Qozog‘istonda ro‘y beradigan, O‘zbekiston, Tojikiston yoki Qirg‘iziston mehnat migrantlari halok bo‘ladigan avtohalokatlar kam uchraydigan hodisa bo‘lmay qoldi. Masalan, o‘tgan yili fojialar deyarli har oy ro‘y berib turdi, ulardan biri — 17 kishining umriga zomin bo‘lgan avtohalokat «Novaya gazeta»ning «Arvoh-avtobus o‘lim bilan yuzma-yuz kelmoqda» maqolasi yozilishiga sabab bo‘ldi. Maqolada mualliflar mehnat migrantlari bilan ro‘y bergan hodisa nega muqarrar bo‘lganini tushuntirib, avtotrassalarda mehnat migrantlarining qurbon bo‘layotganiga bir necha salmoqli sabablari keltirishgan.

Birinchidan, mehnat migrantlarini Rossiya tomon eltayotgan avtobuslar ko‘pincha kerakli hujjatlar — aytaylik, sug‘urta shartnomasiga ega bo‘lmaydi. Shu sababli ular DAN postlarini aylanib o‘tishga majbur bo‘lishadi va bu ishni ko‘pincha tunda amalga oshirishadi. Bu — bunday yo‘nalishlarning halokatli ekanligiga bosh omillardan biridir.

Ikkinchidan, DAN postlarini aylanib o‘tishda yo‘lga sarflanadigan vaqt ortadi, bir necha kun o‘rniga yo‘nalish bir hafta vaqtni olishi mumkin, bu esa haydovchilarning ruhiy va jismoniy holatiga ta'sir o‘tkazmasdan qolmaydi.

Uchinchidan, bunday qatnovlarni amalga oshiruvchi avtobuslarning resurslari allaqachon tugab bo‘lgan bo‘ladi, biroq hech kim ularning holatiga e'tibor bermaydi.

Bularning barchasi va boshqa sabablar Qozog‘iston va Rossiya trassalarida fojialar qo‘rqinchli ketma-ketlikda sodir bo‘lishiga olib kelmoqda. O‘zingiz xulosa chiqaring.