O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi markazi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari ma'lumotlari milliy bazasida ma'lum qilingan.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi markazi negizida O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining Kasb-hunar ta'limi markazi tashkil etilmoqda.

Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari va faoliyati yo‘nalishlari etib belgilandi:

tasarrufida kasb-hunar kollejlari bo‘lgan vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari, tijorat banklari va yirik korxonalar bilan birgalikda kasb-hunar ta'limi soxasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish, kasb-hunar ta'limini rivojlantirish bo‘yicha o‘rta va uzoq muddatli dasturlarni hayotga tatbiq etish va kasb-hunar kollejlarida o‘quv-tarbiya jarayoniga tashkiliy va metodik rahbarlik qilishni ta'minlash;

ish beruvchilarning ehtiyojlari va takliflaridan hamda ilg‘or xorijiy tajribadan kelib chiqib, shuningdek, iqtisodiyotning real sektoridagi tarkibiy o‘zgarishlarni hisobga olib kasb-hunar kollejlarida o‘rta bo‘g‘inning mehnat bozorida talab etilgan mutaxassislarini tayyorlashning o‘quv rejalari va dasturlari ishlab chiqilishini tashkil etish;

yuqori professional rahbarlar va pedagog kadrlarni tanlash hamda ular bilan kasb-hunar kollejlarini ta'minlash, ularning malakasi va kasbiy darajasini muntazam ravishda oshirish, shuningdek, ular mehnatini rag‘batlantirish ishlarini tizimli asosda ta'minlash;

tizimning rahbar va pedagog kadrlari malakasini oshirish hamda ularni qayta tayyorlashning yangi shakllari va usullarini joriy etish;

respublikadagi barcha kasb-hunar kollejlari o‘quv-metodik ishini ularning idoraviy mansubligidan qat'i nazar, muvofiqlashtirish;

kasb-hunar kollejlarida ta'lim sifatini oshirishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish, ta'lim jarayonini doimiy ravishda takomillashtirish;

umumta'lim maktablari 10-11-sinf o‘quvchilarining kasbiy ko‘nikmalarini shakllantirish bo‘yicha ixtisoslashtirilgan o‘quv-ishlab chiqarish majmualarida kasb-hunar ta'limi jarayonini muvofiqlashtirish va metodik ta'minlash.