Jahon | 18:40 / 26.03.2018
89567
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh, Ukraina, Germaniya, Fransiya, Polsha, Litva, Latviya, Estoniya, Chexiya va boshqalar. G‘arbdan yurish 

Buyuk Britaniya va Rossiya o‘rtasidagi diplomatik inqiroz xalqaro miqyosga ko‘tarildi.

Bugun Buyuk Britaniyaga ittifoqchi bo‘lgan qator davlatlar ketma-ket ravishda Rossiya diplomatlarini o‘z hududlaridan chiqarib yuborishlarini e'lon qilishdi.

Xususan, rasmiy Vashington Buyuk Britaniyada sobiq josus Sergey Skripal va uning qizi zaharlanishi ortidan yuzaga kelgan mojaro tufayli 60 nafar rossiyalik diplomat AQSh hududidan chiqarib yuborilishi haqda ma'lum qildi.

«Biz diplomatik missiyaning 48 xodimi hamda BMT missiyasining 12 xodimini chiqarib yuborishga qaror qildik. Jami bo‘lib 60 diplomat», degan Oq uyning yuqori martabali vakili.

Bundan tashqari, AQSh Sietldagi Rossiya bosh konsulxonasini yopmoqda. Bu «konsulxona suv osti kemalari bazalaridan biriga yaqinligi» bilan izohlandi.

Shuningdek, Ukrainani 13 nafar, Polsha, Germaniya va Fransiyani 4 nafardan, Chexiyani 3 nafar, Daniya va Niderlandiyani 2 nafardan, Litva, Latviya va Estoniyani bir nafardan rossiyalik diplomat tark etadi.

Yevropa Ittifoqi kengashi rahbari Donald Tusk ham «Skripal ishi» borasida London bilan birdamlik ko‘rsatib, tashkilotning 14 davlati rossiyalik diplomatlarni qaytarib yuborishga qaror qilganini ma'lum qildi.

«Bugunning o‘zida tashkilotga a'zo 28 davlatning 14tasi rossiyalik diplomatlarga javob berib yuborishga qaror qildi», degan u jurnalistlarga.

Josusga suiqasd. Buyuk Britaniya Skripalning zaharlanishi ortida Rossiya turganini aytib, ultimatum qo‘ydi

Buyuk Britaniyaning Solsberi shahrida 4 mart kuni Britaniya foydasiga ishlagan sobiq josus Sergey Skripal va uning qizi Yuliya behush holda topildi. Buyuk Britaniya hukumati bu suiqasd ortida Rossiya turganini ma'lum qilib, Moskvadan izoh so‘radi. Rossiya tomoni esa bu so‘rovni e'tiborsiz qoldirdi, shundan keyin, 14 mart kuni Buyuk Britaniya bosh vaziri Tereza Mey 23 nafar rossiyalik diplomat chiqarib yuborilishini e'lon qildi. Rossiya bunga javoban Buyuk Britaniyaning 23 nafar diplomatini vataniga qaytardi. Bir necha kun o‘tib esa Rossiyani YeI elchisi tark etdi.

«Hukm o‘qildi. Endi ijro etiladi». London «Skripal ishi» doirasida Moskvaga keskin javob qaytardi

Mavzuga oid