Saudiya Arabistoni va SoftBank Group 200 gigavatt (GVt) quvvatga ega quyosh elektrostansiyasi qurilishi bo‘yicha 200 milliard dollarlik anglashuv bitimini imzoladi. Uning qanchalik keragi bor edi? Forbes shu haqidagi maqolasi bilan bo‘lishdi.
Butun dunyoda bu yo‘nalish shiddat bilan rivojlanayotgan bir vaqtda ham Saudiya Arabistonining quyosh energetikasini rivojlantirish bo‘yicha rejalari katta qiziqish uyg‘otmoqda. Aftidan, bu mamlakat hukumati o‘z elektr energiyasini an'anaviy Yaqin Sharq mamlakatlaridagi uglevodorod yoqilg‘isi (tabiiy gaz va boshqa ko‘plab mamlakatlar elektr energetikasi uchun noyob bo‘lgan neft)dan qayta tiklanuvchi energiya manbalariga intensiv o‘tkazish to‘g‘risida strategik qaror qilgan ko‘rinadi.
Umuman olganda, Yaqin Sharqda quyosh energetikasidan foydalanish shartlari ancha qulay: quyosh radiatsiyasining yuqori o‘rtacha yillik darajasi quyosh qurilmalari samaradorligi oshishini ta'minlaydi. Bundan tashqari, Saudiya Arabistoni quyosh qurilmalari bilan band qilish mumkin bo‘lgan yetarlicha maydonga ega, bu ham muhim ahamiyatga ega — 200 GVt quvvatga ega bo‘ladigan quyosh elektr stansiyasi maydoni taxminan 1000-1500 kv kilometrga teng bo‘ladi.
Loyiha ko‘lami
E'lon qilingan loyiha ko‘lami juda keng: 200GVt — bu Saudiyadagi amaldagi energetika quvvatidan taxminan 2,5 baravar katta va butun Rossiya energetika tizimi quvvatiga muvofiq keladi. Shunisi qiziqki, joriy yilning boshida Dubayda va Abu-Dabida ham 5 GVt'li quyosh elektr stansiyalari (CSP) qurilishiga doir rejalar haqida xabar qilingan edi.
Shu o‘rinda tabiiy savol tug‘iladi: agar bu loyihalarning bari amalga oshirilsa, o‘zaro raqobatga kirishuvchi bu stansiyalar elektr energiyasining iste'molchilari kimlar bo‘ladi?
Aftidan, Saudiya Arabistoni elektr energiyasi eksportchisi bo‘lishni rejalashtirmoqda, biroq buning uchun keng ko‘lamli elektr yetkazuvchi liniyalar qurilishi talab etiladi, bu esa yo‘qotishlarga olib kelishi tabiiy. Elektr energiyasini yetkazib berishda yo‘qotishlarni minimal darajaga tushirishni ta'minlovchi texnologik qarorlar bor, masalan, doimiy tokdagi liniyalar, biroq ularni tashkil qilishda doimiy tokni o‘zgaruvchanga o‘tkazishda qo‘shimcha xarajatlar paydo bo‘ladi.
Loyiha muvaffaqiyatli yakun topgan taqdirda, u mamlakatning texnologik imkoniyatlari namunasiga aylanadi. Uning rejalashtirilgan quvvati mavjud va e'lon qilingan quyosh stansiyalari va GES, IES va AES'lardan yuzlab baravar yuqori.

















