Ilgari xabar berganimizdek, O‘zbekistonda meva va sabzavotlar eksportiga oid muammolar kuzatilmoqda. Muxbirlarimiz Farg‘ona viloyatidan tayyorlagan o‘z reportajida buni isbotlashgan edi.

Kompaniya haqida

Kompaniya ma'lumotlariga ko‘ra, «O‘zagroeksport» aksiyadorlik jamiyati (AJ) yangi va qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha tashqi savdo kompaniyasi hisoblanadi. Kompaniya prezidentning 2016 yil 7 apreldagi №2515 sonli qaroriga ko‘ra tashkil qilingan bo‘lib, «O‘zbekoziqovqatsanoatxolding» xolding kompaniyasi tarkibiga kiradi.

Kompaniya yangi va qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlarini xorijiy hamkorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri eksport shartnomalari, shuningdek fermer va dehqon xo‘jaliklari, agrofirmalar va qayta ishlovchi korxonalar bilan tuzilgan komissiya shartnomalari asosida eksportga yetkazib berish bilan shug‘ullanadi. 

«O‘zagroeksport» AJning asosiy faoliyati O‘zbekistonning raqobatbardosh meva-sabzavot mahsulotlarini tashqi bozorlarga yetkazib berish hajmlari va assortimentni, shuningdek eksport geografiyasini oshirishga yo‘naltirilgan.

Narx belgilash

Negadir bozor munosabatlari va biznes emas, aynan mana shu kompaniya meva va sabzavotlarga narx belgilab beradi, degan qarorga kelishgan.

2016 yilning iyunida Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilingan.

Qarorda shunday yoziladi:

Eksport shartnomalari talab va taklif asosida shakllantiriluvchi bozor narxlari asosida, jahon bozorlaridagi narx kon'yunkturasidan kelib chiqib, Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi, doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi meva-sabzavot maydonchasidagi yarmarka savdolari yakuniga ko‘ra kelishiladigan o‘rtacha tortilgan narxlarni hisobga olib tuziladi.