Sport | 16:08 / 09.05.2018
10417
2 daqiqa o‘qiladi

UYeFA Superkubogi uchun bahs Qozog‘istonda o‘tkazilishi mumkin

Foto: AP Photo / Boris Grdanoski

Yevropa futbol assotsiatsiyalari uyushmasi (UYeFA) ijroiya qo‘mitasi Kiyevda bo‘lib o‘tadigan yig‘ilishda 2020 yilgi Yevropa kuboklari final uchrashuvlari o‘tkaziladigan shaharlarni e'lon qiladi, deb xabar bermoqda sports.kz tashkilotning rasmiy saytiga asosan.

UYeFA ijroiya qo‘mitasining Ukraina poytaxtidagi yig‘ilishi 24 may kuni bo‘lib o‘tadi. Final uchrashuvlar uchun mezbon shaharlarni tanlash kun tartibidagi birinchi masalaga aylanadi. Shuningdek, Yevro-2020 final bosqichi o‘yinlari jadvali, klublarni litsenziyalash va moliyaviy fair play qoidalarining yangi tahriri tasdiqlanishi kerak.

2020 yilgi Chempionlar ligasining final uchrashuvini o‘tkazish uchun Lissabon va Istanbul da'vogarlik qilmoqda. Moskvadagi «Dinamo» stadioni 2020 yilgi ayollar Chempionlar ligasi finalini qabul qilish huquqi uchun Vena va Lej bilan kurashmoqda. Yevropa ligasi finaliga Portu va Gdansk da'vogar.

To‘qqiz mamlakat UYeFA superkubogini o‘zida qabul qilish uchun kurash olib boryapti: Belarus, Finlyandiya, Fransiya, Albaniya, Isroil, Qozog‘iston, Moldova, Shimoliy Irlandiya, Portugaliya.

 

Mavzuga oid