O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Qishloq xo‘jaligini o‘z vaqtida qishloq xo‘jaligi texnikasi bilan ta'minlash mexanizmlarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zA tomonidan keltirilgan. 

Hujjatda qayd etilishicha, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarni mamlakatimizda ishlab chiqarilgan sifatli va arzon texnika bilan ta'minlash, texnika parkini yangilash, shuningdek, ularga o‘z vaqtida servis xizmatini ko‘rsatish ishlarida jiddiy kamchiliklar saqlanib qolmoqda, xususan: 

birinchidan, real ehtiyoj, agrotexnika tadbirlarini o‘tkazish muddatlari va moliyalashtirish manbalaridan kelib chiqib, mashina-traktor parklari, tegishli xizmatlar ko‘rsatuvchi xususiy tashkilotlar, shuningdek, fermer xo‘jaliklariga qishloq xo‘jaligi texnikasini yetkazib berish bo‘yicha buyurtmalarni shakllantirish, shartnomalar tuzishning bozor mexanizmlari mavjud emas; 

ikkinchidan, eng maqbul agrotexnik muddatlarda ommaviy qishloq xo‘jaligi ishlarini amalga oshirish uchun o‘ziyurar qishloq xo‘jaligi texnikasi yetarli emas, o‘z vaqtida ishlab chiqarishni rejalashtirish va tashkil etish bo‘yicha ishlar tizimli yo‘lga qo‘yilmagan; 

uchinchidan, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish darajasining pastligi, oqibatda, ishlab chiqarilayotgan qishloq xo‘jaligi texnikasi tannarxining raqobatbardosh emasligi mexanizatsiya xizmatlari va ishlab chiqarilayotgan yakuniy mahsulot narxining oshib ketishiga olib kelmoqda; 

to‘rtinchidan, qishloq xo‘jaligi texnikasini ishlab chiqarishni moliyalashtirish mexanizmi mukammal emas, lizing mexanizmlari, xususiy servis tashkilotlari va fermer xo‘jaliklari mablag‘larini jalb etishdan yetarli darajada foydalanilmayapti. 

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va “O‘zagrotexsanoatxolding” AJ tomonidan shakllantirilgan 2018 yilda hududlar kesimida, jumladan, lizing asosida qishloq xo‘jaligi texnikasini yetkazib berishning qo‘shimcha hajmlari parametrlari 1 va 2-ilovalarga muvofiq tasdiqlandi. 

Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq: 

qishloq xo‘jaligi texnikasini yetkazib berish uchun buyurtmalar portfelini shakllantirish ustuvor ravishda bir yilda ikki marta –fevral-mart va sentabr-oktabr oylarida mahalliy va jahonning yetakchi ishlab chiqaruvchilari ishtirokida o‘tkaziladigan hududiy yarmarkalar davomida amalga oshiriladi. Bunda fevral-mart oylarida qishloq xo‘jaligi texnikasini joriy yil uchun, sentabr-oktabr oylarida – kelgusi yil uchun yetkazib berish bo‘yicha qo‘shimcha shartnomalar tuziladi;