O‘zbekiston | 09:05 / 12.05.2018
18201
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent tibbiyot akademiyasi va Toshkent pediatriya tibbiyot institutida yangi kafedra tashkil etiladi

Foto: tma.uz

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Allergik kasalliklarni profilaktika qilish, ularga tashxis qo‘yish va davolashni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Hujjat bilan belgilanishicha, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi ikki oy muddatda:

a) Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan birgalikda Respublika ilmiy-ixtisoslashtirilgan allergologiya markazida laboratoriya amaliyoti xalqaro standartlariga (GLP) javob beradigan zamonaviy yuqori texnologik uskunalar bilan jihozlangan klinik-immunologiya laboratoriyasini tashkil etish bo‘yicha taklif kiritadi;

b) Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi bilan birgalikda oliy tibbiyot ta'lim muassasalaridagi o‘quv dasturlari va yuklamalarini tanqidiy o‘rganish asosida:

Toshkent tibbiyot akademiyasi va Toshkent pediatriya tibbiyot institutida allergologiya va klinik immunologiya kafedrasini tashkil etish;

2018/2019 o‘quv yilidan klinik ordinaturaga qabul qilish kvotasini ko‘paytirish;

2019/2020 o‘quv yilidan “allergologiya va klinik immunologiya” mutaxassisligi bo‘yicha magistratura yo‘nalishini ochish;

Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutida allergologlarning malakasini oshirish o‘quv dasturlarini takomillashtirish;

allergik kasalliklarga tashxis qo‘yish va davolash uchun zarur bo‘lgan dori vositalari va tibbiyot buyumlarini yaratish va ishlab chiqarish sohasidagi zamonaviy yutuqlarni hisobga olgan holda farmatsevtika tarmog‘i uchun kadrlarni tayyorlashning o‘quv dasturlarini takomillashtirish choralarini ko‘radi;

v) O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda allergik reaksiyalar va kasalliklarni hisobga olish va monitoring qilishning avtomatlashtirilgan axborot tizimini yaratish uchun texnik vazifalarni ishlab chiqsin hamda tasdiqlasin, uni bosqichma-bosqich joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi;

g) respublika, viloyat va tuman (shahar) miqyosida tibbiy xizmat ko‘rsatish hajmini nazarda tutuvchi allergologiya yo‘nalishida tibbiy yordam ko‘rsatish tartibini, mutaxassislarning funksional vazifalarini belgilagan holda allergologiya xonasi va bo‘limini jihozlash standartlarini tasdiqlaydi;

d) Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan birgalikda qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, ilmiy-ta'lim jarayoniga xorijiy o‘qituvchilar va mutaxassislarni jalb qilish, ilmiy-pedagogik kadrlarning xorijda malakasini oshirish va stajirovka o‘tashini tashkil etish maqsadida allergologiya va immunologiya sohasidagi yetakchi xorijiy tashkilotlar va muassasalar, jumladan, Allergologlar va klinik immunologlarning Yevropa akademiyasi bilan hamkorlik munosabatlarini o‘rnatish va izchil rivojlantirish bo‘yicha tashkiliy-amaliy choralarni ko‘radi.

Belgilanishicha, mazkur bandda ko‘rsatilgan ta'lim jarayonlarini tashkil etish oliy tibbiyot ta'lim muassasalari va ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari, mamlakatimiz tibbiyot muassasalari allergologiya bo‘linmalari va yetakchi xorijiy klinikalarning ilmiy-amaliy bazasidan foydalangan holda amalga oshiriladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid