11:34 / 15.05.2018
6732

«Elektron jinoyat ishi» dastlabki loyihasi joriy etilmoqda

Foto: Fotolia

«Elektron jinoyat ishi» dastlabki loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan jinoyat ishlarini yuritish tartibini bosqichma-bosqich raqamlashtirib borish bo‘yicha qaror qabul qilindi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev imzolagan tegishli hujjatda shunday deyiladi.

Ma'lum qilinishicha, jinoyat ishlarini yuritish jarayonlarini, shu jumladan, jinoyat ishlari bo‘yicha elektron ish yurituvda tartib-taomillarni qisqartirish va ortiqcha bosqichlarni chiqarib tashlash orqali optimallashtirish maqsadida «Elektron jinoyat ishi» loyiha joriy etilmoqda.

Loyiha hujjatning yagona identifikatorini joriy etishni hisobga olgan holda, jismoniy va yuridik shaxslarning surishtiruv organlari, sudlar, prokuratura organlari bilan Internet tarmog‘i orqali axborot almashinuvini ta'minlashga ko‘mak beradi.

Soddaroq qilib aytganda, bu yangilik jinoyat ishlari bo‘yicha surishtiruv amaliyotida jinoyat-protsessual hujjatlarining yagona elektron shaklini ishlab chiqishga imkoniyat beradi.

Prezident imzolagan hujjatda yozilishicha, joriy yilning 1 dekabr kuniga qadar Toshkent shahrining Yakkasaroy va Mirobod tumanlarida «Elektron jinoyat ishi» dastlabki loyihasi amalga kiritiladi.

2019 yil 1 oktabrga qadar dastlabki loyihaning sinovlari natijalaridan kelib chiqib, jinoyat ishlari bo‘yicha elektron ish yurituvi joriy qilinishi munosabati bilan jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqiladi.

2019 yil 1 dekabrga qadar ushbu qaror bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligini takomillashtirish konsepsiyasi asosida Jinoyat kodeksi va Jinoyat-protsessual kodeksining yangi tahrirdagi loyihalari taklif etiladi.

Mavzuga oid
Top