Toshkentdan kelgan mehmonlarni So‘g‘d viloyati ma'muriyati rahbarining birinchi o‘rinbosari Rustam Rahmatzoda boshchiligidagi delegatsiya kutib oldi. Qo‘shni davlatlar o‘rtasida avtobus qatnovi tiklanishiga bag‘ishlangan qisqa marosimda xabar qilinishicha, kelgusi haftadan boshlab avtobusda Dushanbedan Termizgacha borish mumkin bo‘ladi.
O‘zbekiston Transport vazirligi vakili Xayrullo Karimov hukumatlararo kelishuvga binoan, yaqin kelajakda Dushanbe-Denov, Panjikent-Samarqand, Toshkent-Farg‘ona yo‘nalishi bo‘yicha avtobus yo‘nalishlari ochilishini ta'kidladi.
Ma'lum bo‘lishicha, qo‘shni davlatlar o‘rtasida O‘zbekistondan «Manzara turizm» kompaniyasi va Tojikistondan Asian express kompaniyasi avtobuslari qatnaydi.
Xo‘jand-Toshkent yo‘nalishiga chipta 50 somoniy (5,5 AQSh dollari) turadi, ammo kelajakda uning qiymati qayta ko‘rib chiqilishi mumkin, deyishdi kompaniya vakillari.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida avtobus qatnovi tiklangani xabar berilgandi.











