Bugun, 15 may kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin «KamAZ» ruliga o‘tirgan holda qurilish transportlari kolonnasini boshqarib, qurib bitkazilgan Qrim ko‘prigining avtomobillar uchun mo‘ljallangan qismidan yurib o‘tdi va ko‘prikni rasman ochib berdi.

Shuningdek, Putin 19 kilometrli ko‘prik bo‘ylab 16 daqiqa harakatlanib, Qrimga yetib borgan. Ko‘prikning ikkinchi tomonida konsert dasturi tashkil etilgan, Rossiya prezidenti va delegatsiya ushbu tadbirda ishtirok etdi. Putin ko‘prikning ochilishini tarixiy voqea sifatida e'tirof etdi. 

«Barchangizni bu tarixiy kun bilan tabriklayman. Chunki, turli davrlarda, podshohlar davrida ham odamlar bu ko‘prik qurilishini orzu qilishgan. O‘tgan asrning 30-yillarida ham, 40-yillarida, 50-yillarida bu masala ko‘tarilgan. Mana nihoyat, sizning mehnatlaringiz evaziga bu loyiha amalga oshdi, bu mo‘'jiza ro‘y berdi.

Biz bundan keyin ham butun mamlakat bo‘ylab shunday loyihalar ustida ishlashda davom etamiz. Butun mamlakat bo‘ylab», degan Putin yig‘ilganlar qarshisida.

Foto: TASS, Sergey Bobylev
Foto: TASS, Sergey Bobylev
Foto: TASS, Sergey Bobylev
Foto: TASS, Sergey Bobylev

 

Ko‘prik jamoat transportlari va boshqa yengil avtomobillar uchun bir kundan keyin to‘liq ochiladi. Ko‘prikda soatiga 90 kilometr tezlikkacha harakatlanishga ruxsat etiladi.

19 kilometrlik Qrim ko‘prigi — Rossiyadagi eng uzun ko‘prikdir. Bosh pudratchi «Stroygazmontaj» loyiha qiymatini 228,3 milliard rublga (3,7 milliard dollar) baholagan.