2018-2019 o‘quv yili uchun Toshkent shahridagi Inha universiteti (IUT)ga abituriyentlardan hujjat qabul qilish 2018 yilning 25 may kunidan boshlanadi.

Abituriyentlardan hujjat qabul qilish jarayoni

Avvalgi yillardagi kabi bu yil IUT'ga hujjat qabul qilish to‘liq onlayn rejimida amalga oshiriladi.

IUT'ga hujjat topshirmoqchi bo‘lgan abituriyentlar, universitet saytidagi quyidagi havola bo‘yicha onlayn shaklni to‘ldirib, ro‘yxatdan o‘tishlari kerak bo‘ladi: https://admissions.inha.uz. Universitetga kirish shartlari bilan quyidagi havola orqali tanishish mumkin: https://www.inha.uz/uz/howtoapply.

Onlayn ro‘yxatdan o‘tish jarayonida abituriyentlar shaxsiy ma’lumotlarni taqdim etgan holda pasportning elektron nusxasi, agarda bor bo‘lsa akademik litsey yoki kasb-hunar kolleji/o‘rta maktabni bitirganligi to‘g‘risidagi diplom/attestat nusxasi, 086 shakldagi tibbiyot ma’lumotnomasi, 3,5x4,5 hajmdagi surat va IELTS yoki TOEFL IBT sertifikati.

Agarda abituriyent hali akademik litsey yoki kasb-hunar kolleji/o‘rta maktabni bitirganligi to‘g‘risidagi diplom/attestatni olmagan bo‘lsa, o‘quv yurtining ma’lumotnomasini taqdim etadi.

Shuningdek, 2018 yilning 9 iyul kuniga qadar diplom/attestat va IELTS yoki TOEFL IBT sertifikatining elektron nusxasini taqdim etishi lozim.

Qayd etamiz, onlayn ro‘yxatdan o‘tish 2018 yilning 9 iyul kuni soat 17:00 gacha davom etadi.

Abituriyentlarga bo‘lgan talablar o‘zgarishsiz qoldirildi. Abituriyentlar IELTS yoki TOEFL iBT sertifikatini taqdim etgan holda ingliz tilidan bilim darajasini tasdiqlashi kerak.

Bunday sertifikati bo‘lmagan abituriyentlar 2018 yilning 23 iyun kuni Britaniya Kengashida bo‘lib o‘tadigan IELTS imtihonida ishtirok etishlari mumkin.

Shu bilan birga abituriyentlar TOEFL iBT® imtihonini ham topshirishlari mumkin. Buning uchun 2018 yilning 2 va 23 iyun kunlari Toshkent shahridagi Inha universiteti binosida o‘tadigan TOEFL iBT imtihonlariga ro‘yxatdan o‘tishlari kerak.

Shuningdek, abituriyentlar 2018 yilning 2 va 7 iyun kunlariga mo‘ljallangan IDP IELTS imtihonlarida ishtirok etishlari mumkin.