Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Misrlik advokat Serxio Ramosdan 1 milliard yevrolik tovon puli talab qilmoqda
Misrlik advokat Bassam Vahba “Real” Madrid futbolchisi Serxio Ramos ustidan FIFAga 1 milliard yevrolik da'vo arizasi topshirdi. Vahbaning fikricha, Ramos Chempionlar ligasi finalida Misr terma jamoasi va “Liverpul” klubi hujumchisi Muhammad Salohga ataylab jarohat yetkazgan. Bu haqda Goal portali ma'lum qilmoqda.
Saloh uchrashuvning 30-daqiqasida Ramos bilan to‘p uchun kurashda yelkasidan jarohat oldi. Futbolchining tiklanishi muddati hozircha noma'lum va u bir necha hafta o‘tkazib yuborishi mumkin. Salohning o‘zi esa jahon chempionatigacha tiklana olishiga ishonmoqda. Rentgen natijalari Salohning yelka bo‘g‘imi mushaklari cho‘zilganini ko‘rsatgan.
“Ramos Salohga ataylab jarohat yetkazdi va bu qilmishi uchun jazolanishi kerak. Men FIFAga da'vo arizasi topshirdim. Men Ramos tomonidan Saloh va butun Misr xalqiga yetkazilgan jismoniy va ruhiy ziyon uchun qiymati 1 mlrd yevrodan oshishi mumkin bo‘lgan tovon puli talab qilaman”, deb aytgan Vahba.
Saloh Misr terma jamoasi yetakchisi hisoblanadi. U joriy mavsumda 44 ta o‘yinda 52 ta golga va 16 ta golli pasga mualliflik qilgan. U joriy yilda Afrika va Angliya chempionati futbolchisi deb topilgan.
Misr jahon chempionatida 15 iyunda Urugvay, 19 iyunda mezbon Rossiya va 25 iyunda Saudiya Arabistoni bilan o‘ynaydi.