09:17 / 30.05.2018
14856

Dunyoning yetakchi brendlari yuztaligi ma'lum qilindi 

Foto: Getty Images

Dunyodagi eng yirik reklama kompaniyasi WPP’ning buyurtmasi bilan Kantar Millward Brown agentligi tomonidan dunyoning yetakchi brendlari reytingi BrandZ Top 100 Most Valuable Global Brands 2018 tuzildi. 

Unga ko‘ra, yetakchi o‘ntalikdan Xitoyning 2 ta kompaniyasi –  Tencent va Alibaba o‘rin olgan, qolgan 8 ta o‘rin esa AQSh kompaniyalariga tegishli.

Reytingning 1-pog‘onasini 3 yildan beri va oxirgi 12 yil ichida 8-marta Google egallab kelmoqda. O‘tgan yil ichida u 23 foizga qimmatlab, narxi 302 mlrd dollarga yetgan.       

2-o‘rinni 300,6 mlrd dollarga baholangan Apple egallamoqda. 3-o‘rinni Amazon (207,6 mlrd dollar, 2017 yilga nisbatan 49 foiz qimmatlagan), 4-o‘rinni Microsoft (201 mlrd dollar, +40 foiz) egallamoqda. Microsoft 4 yil ichida birinchi bor yetakchi uchlikni tark etdi.

5-o‘rinni Xitoyning Tencent brendi 179 mlrd dollarlik qiymat bilan egallamoqda, e'tiborlisi uning narxi bir yil ichida 65 foizga qimmatlagan. 

Yetakchi o‘ntalikdan, shuningdek, Facebook (162 mlrd dollar), Visa (146 mlrd dollar), McDonald's (126 mlrd dollar), Alibaba (113 mlrd dollar) va AT&T (107 mlrd dollar) o‘rin olgan.

Yetakchi brendlar yuztaligi 2017 yilga nisbatan 748 mlrd dollarga qimmatlagan va 4,4 trln dollarga baholangan. Bu ko‘rsatkich reyting mavjud bo‘lgan vaqtdagi rekord ko‘rsatkich hisoblanadi. Yetakchi o‘ntalikdagi 8 ta yuqori texnologik kompaniya hisobiga brendlar umumiy qiymatining uchdan biri to‘g‘ri kelmoqda.

Reytingga birinchi bor kirgan kompaniyalar Spectrum (27-o‘rin), Uber (81), Instagram (91) va Adidas (100) bo‘ldi.

Ushbu reyting 2006 yildan beri tuzilib kelinadi. Bu vaqt ichida unga kiruvchi brendlarning umumiy qiymati 3 martadan ko‘proqqa qimmatlashgan. Hozirda yetakchi 7 ta kompaniya (1,498 trln dollar) reyting ilk bor tuzilgan 2006 yildagi yuzta kompaniyadan (1,44 trln dollar) qimmatroq turadi.

Mavzuga oid
Top