Jahon | 09:52 / 07.06.2018
5489
2 daqiqa o‘qiladi

AQShning Xitoydagi konsulxonasi xodimlari akustik hujumga uchradi - NYT

Foto: The New York Times

Qo‘shma Shtatlarning Xitoydagi konsulxonasida ishlovchi kamida ikki xodim sababi o‘rnatilmagan akustik ta'sir tufayli o‘zini yomon his etayotgani sababli evakuatsiya qilindi. Bu haqda The New York Times gazetasi Davlat departamentiga asosan xabar bermoqda.

Amerika diplomatik missiyasi xodimlaridan biri so‘nggi vaqtlarda «g‘alati» tovush ta'siri va akustik bosimni his qilayotgani haqida aytgan. AQSh o‘z xodimlarini ko‘rikdan o‘tkazish uchun shifokorlarni jo‘natdi, shuningdek, diplomatning bunday holatiga nima sabab bo‘lishi mumkinligini aniqlash maqsadida Xitoy rasmiylariga murojaat qildi. Xitoydagilar akustik hujumga aloqador hech qanday narsani aniqlashmagani haqida ma'lumot berishgan.

Gazeta ma'lumotiga ko‘ra, hozirgi vaqtda amerikalik tibbiyot xodimlari konsulxona xodimlari va ularning oila a'zolarini ko‘rikdan o‘tkazishmoqda. Nashr akustik ta'sirga uchragan odamlar aniq sonini keltirmagan, biroq, gazeta manbalarining ta'kidlashicha, hozirgi vaqtda evakuatsiya davom ettirilmoqda.

Evakuatsiya qilingan xodimlardan birining ma'lum qilishicha, o‘zida va rafiqasi hamda farzandlarida bir necha oy davomida «nevrologik simptomlar» kuzatilgan. Shuningdek, uning aytishicha, o‘z xonadonida «noodatiy tovushlarni» eshitgan.

Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, tovushlarni nafaqat konsulxona binosida, balki uning yonida joylashgan ikkita turar-joy majmuasida ham eshitish mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoy AQShga 70 mlrd dollarlik o‘ziga xos «bitim» taklif qilgandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid