Shanxay hamkorligi tashkiloti davlatlari yetakchilari Xitoyda bo‘lib o‘tgan sammit yakunlariga ko‘ra Tsingdao deklaratsiyasini imzolashdi, deb xabar bermoqda RIA Novosti.
Hujjat ostiga Rossiya, Tojikiston, Xitoy, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston, shuningdek, Pokiston va Hindiston rahbarlari o‘z imzosini chekishdi.
ShHT a'zo davlatlar yetakchilari davlatlararo hamkorlik, terrorizmga, narkotik moddalarga, epidemiyalarga va atrof-muhitning ifloslanishiga qarshi kurashga taalluqli 17ta hujjatni qabul qilishdi.
Jahondagi vaziyat
Deklaratsiyada Suriya, Eron, Ukraina va Koreya yarimorolidagi vaziyatlar bo‘yicha masalalar ham ko‘tarilgan.
Tomonlar Suriyadagi siyosiy jarayonning muqobili yo‘qligini yana bir marta tasdiqlab, jangovar harakatlar to‘xtatilayotgan zonalarda kelishuvlarni bajarishga chaqirishgan. Hujjatdan kelib chiqishicha, inqirozning hal etilishi BMT Xavfsizlik kengashi rezolyutsiyalari qoidalariga muvofiq olib borilishi va «Suriyaning mustaqilligi va hududiy yaxlitligi, suvereniteti zaruriyatidan kelib chiqilishi» lozim.
Bundan tashqari, ShHT yetakchilari Eron yadroviy dasturi bo‘yicha Qo‘shma umumqamrovli harakatlar rejasi qatnashchilarini kelishuv doirasida hamda butun jahon va mintaqada barqarorlik saqlanishi uchun o‘z majburiyatlariga rioya qilishga chaqirishdi. Ular shuningdek, Ukrainadagi inqirozni Minsk kelishuvlari asosida siyosiy yo‘l bilan tartibga solishni yoqlab chiqishdi.
Tomonlar KXDR va AQSh o‘rtasidagi aloqalarni ham qayd etib, barchani muzokara jarayoniga ko‘mak berishga chaqirishdi.
Deklaratsiyada terrorizmga qarshi kurash haqida ham so‘z boradi. Xususan, ShHT mamlakatlari rahbarlari qaytayotgan xorijiy jangari-terrorchilardan kelayotgan va tobora oshib borayotgan tahdidni tilga olishdi. Tomonlar ular va ularning ko‘chib yurishi haqidagi axborotlarni almashinuv mexanizmini takomillashtirish bilan birga yoshlarning ekstremistik guruhlarga jalb etilishiga qarshi birgalikda kurashishni taklif etishdi.
Iqtisodiy hamkorlik
Hujjatda ShHT davlatlari o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik masalalariga ham alohida e'tibor berilgan. Qayd etilishicha, tomonlar savdo va investitsion faoliyatda milliy valyutalardan foydalanish hajmini oshirish istiqbollarini o‘rganishadi.

















