10:21 / 18.06.2018
2868

O‘zbekiston - Moldova hukumatlararo komissiyasi majlisi o‘tkazilishi mumkin

Foto: TIV axborot xizmati

2018 yilning 15 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi delegatsiyasi Kishinyov shahrida bo‘lib o‘tgan TIV rahbarlari o‘rinbosarlari darajasidagi O‘zbekiston-Moldova siyosiy maslahatlashuvlarida ishtirok etdi. Bu haqda TIV axborot xizmati xabar bermoqda.

Moldova Respublikasi Tashqi ishlar va Yevropa bilan integratsiya vazirligi davlat kotibi Tatyana Molchan boshchiligidagi Moldova delegatsiyasi bilan birgalikda ikki tomonlama munosabatlar, jumladan siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsion va madaniy-gumanitar hamkorlik kabi yo‘nalishlardagi aloqalarning muhim masalalari batafsil muhokama qilindi.

Uchrashuv doirasida so‘nggi yillarda asosan BMT Bosh Assambleyasi kun tartibi bilan cheklanib qolgan O‘zbekiston va Moldova o‘rtasidagi hamkorlikni faollashtirish muhimligi ta'kidlandi.

Savdo, qishloq xo‘jaligi, turizm sohasidagi kooperatsiya hamda ikki davlat ta'lim muassasalari o‘rtasidagi akademik almashinuvni kengaytirish uchun ulkan salohiyat mavjudligi qayd etildi.

Uchrashuvda hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha O‘zbekiston-Moldova Hukumatlararo komissiyasining navbatdagi majlisini o‘tkazish masalasi ko‘tarildi. Ushbu shakldagi so‘nggi uchrashuv 16 yil oldin Toshkent shahrida o‘tkazilgan edi.

O‘zbekiston va Moldova tashqi siyosat idoralari delegatsiyalari tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalarni ham ko‘rib chiqdilar.

Shu kunning o‘zida Kishinyov shahrida O‘zbekiston va Moldova TIV vakillarining alohida uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Ikki tomonlama aloqalarning shartnomaviy-huquqiy bazasi inventarizatsiya qilindi, yaqin istiqbolda kelishish va imzolanishi mumkin bo‘lgan O‘zbekiston-Moldova hujjatlari loyihalari yuzasidan fikr almashildi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi TIV delegatsiyasi Moldova Iqtisodiyot va infratuzilma vazirligi davlat kotibi Yuliana Dregelin, Qishloq xo‘jaligi, mintaqaviy rivojlanish va atrof-muhit vazirligi davlat kotibi Vasileu Luka bilan uchrashuv va muzokaralar o‘tkazdi.

O‘zbekiston va Moldova o‘rtasida turli shakllarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish hamda ikki tomonlama aloqalarni aniq amaliy mazmun bilan boyitishning istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi.

Siyosiy maslahatlashuvlar doirasida Moldova Tashqi ishlar va Yevropa bilan integratsiya vaziri Tudor Ulyanovsk bilan qisqacha suhbat bo‘lib o‘tdi.

Mavzuga oid
Top