O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 21 iyun kuni tarmoqlar va hududlarda investitsiya loyihalarini amalga oshirish holati, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish va o‘zlashtirish natijalari tahliliga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Prezident yig‘ilishda bosh vazir o‘rinbosari - Geologiya, yoqilg‘i-energetika kompleksi, kimyo, neft-kimyo va metallurgiya sanoati masalalari kompleksi rahbari, «O‘zbekneftgaz» kompaniyasi boshqaruvi raisi Alisher Sultonovni investitsiyalar jalb qilish bo‘yicha sustkashlikka yo‘l qo‘yganlikda ayblagan. Bu haqda «Kun.uz» muxbiri xabar bermoqda.
«Joriy yil uchun tasdiqlangan investitsiya va infratuzilma loyihalari ro‘yxatiga muvofiq, umumiy qiymati 34,4 trln so‘mlik (yoki 4,3 mlrd dollar) 2145ta obektni qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta'mirlash belgilangan. Shundan, 3,2 mlrd dollar (75 foiz) mablag‘ Tiklanish va tarqqiyot jamg‘armasi hamda hukumat kafolatlagan xorijiy kredit mablag‘lari hisoblanadi. Aslida iqtisodiyot barqaror ishlayapti deyish uchun, 25 foiz mablag‘ davlat kafolatlagan mablag‘ bo‘lishi, 75 foiz mablag‘ to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya bo‘lishi kerak.
Bugungi kunda 101ta loyihadan 96tasi bo‘yicha moliyalashtirish ochilgan, 89ta loyihada qurilish-montaj ishlari boshlangan. Shu bilan birga 22ta loyiha bo‘yicha qoloqlikka yo‘l qo‘yilgan, bugungi kunda atigi 753 million dollarlik mablag‘ o‘zlashtirilgan (yillik prognozning 21 foizi).
Yoqilg‘i-energetika va metallurgiya sohasida 8ta loyiha bo‘yicha qoloqlikka yo‘l qo‘yilgan. O‘rtoq Sultonov buni tushuntirib beringchi», deya yuzlanadi prezident bosh vazir o‘rinbosariga.
Sultonov «O‘zbekneftegaz» va «O‘zbekenergo» tizimidagi qoloqlikni tan olgan hamda yil yakuniga qadar loyihalarni amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha yuzaga kelgan muammolar bartaraf etilishiga umid bildirgan.
«Nima uchun bosh vazir o‘rinbosari sifatida o‘zingiz hech ish qilmadingiz? Nimani kutasiz? Pul ishlashingiz, ish o‘rinlari yaratishingiz kerak emasmi? Eng katta kompleks sizniki. Nega men o‘zim shug‘ullanishni boshlamagunimcha, o‘zingiz takliflar bermaysiz. Xonangizda nima qilib o‘tirasiz? Sharoitlar yaxshilab berilgan. Nega 8ta loyihada qoloqlikka yo‘l qo‘yilgan?», degan prezident unga qarata.
Shundan keyin prezident Sultonovga oxirgi marta ogohlantirish bergan.
«Men sizni jiddiy ogohlantiraman. Bu rasmiy ogohlantirish. Ikkinchi yarim yillikda keskin o‘zgarishlar bo‘lmasa, qattiq jazo olasiz. Shaxsan siz. Chunki, men sizdan ham, o‘rinbosarlaringizdan ham, Saidovdan (Ulug‘bek Saidov - birinchi o‘rinbosar) ham noroziman. Shuncha bekorchi.

















