Jahon | 12:21 / 15.08.2018
17369
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh va Xitoy o‘rtasidagi savdo urushi yangi darajaga chiqdi

Foto: Andy Wong / AP

Xitoy Xalq Respublikasi Tijorat vazirligi tomonidan e'lon qilingan bayonotga ko‘ra, Xitoy Jahon savdo tashkilotiga (JST) Vashingtonga qarshi da'vo bilan murojaat qildi.

Bu da'vo Amerika Qo‘shma Shtatlari tomonidan fotoelementlar va quyosh batareyalari importiga nisbatan qo‘llanilgan 30 foizlik bojlarga javob bo‘lib, ular nafaqat Xitoyning qonuniy huquqlari va manfaatlariga zarar yetkazgan, balki JST qoidalari va prinsiplarining ishonchliligi hamda jiddiyligiga ham ta'sir ko‘rsatdi, deya ta'kidlaydi idora.

Vazirlikning xulosasiga ko‘ra, AQSh hukumati aniq harakatlarni amalga oshirishi, JST qoidalarini hurmat qilishi va ularga rioya etishi, shuningdek, savdo sohasini normal darajaga qaytarish uchun noto‘g‘ri harakatlardan tiyilishi kerak.

Qo‘shma Shtatlar va Xitoy o‘rtasidagi savdo aloqalari 2018 yil boshida keskinlashib ketdi. Buning sabablaridan biri AQSh prezidenti Donald Trampning savdo taqchilligi yuqori darajada ekanidan noroziligi bo‘lib, shundan keyin u Xitoy tovarlariga nisbatan protektsionistik choralar joriy etilishini e'lon qildi. Davlatlar umumiy qiymati 100 milliard dollardan ortiq miqdordagi bir-biriga import cheklovlari joriy etdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoy AQShning yangi mudofaa byudjyetidan norozi ekani xabar qilingandi.

Mavzuga oid