Korrupsiya bilan qo‘lga tushgan IIB xodimi tergovdan qochishga uringan
Namangan tuman IIB huzuridagi tergov bo‘linmasi boshlig‘i G‘olibjon Urinbayev 1000 AQSh dollarini pora sifatida berishini talab qilganlikda ayblanmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Matbuot xizmati Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, mazkur fakt 26 iyul kunidagi tezkor tadbir davomida o‘z tasdig‘ini topgan.
Ta'kidlanishicha, tergov bo‘linmasi boshlig‘i G‘olibjon Urinbayev fuqaro R.A. bilan jinoiy til biriktirib, bo‘linma katta tergovchisi O.ning ish yurituvida bo‘lgan M. boshqaruvidagi «Kobalt» va A. boshqaruvidagi «Spark» rusumli avtomashinalar o‘rtasida sodir etilgan yo‘l-transport hodisasi yuzasidan JKning 266-moddasi 2-qismi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha M.ni jinoiy javobgarlikka tortmaslik va «Kobalt» avtomashinasini jarima maydonchasidan chiqarib berish evaziga uning ukasi B.dan 1000 AQSh dollarini pora sifatida berishini talab qilgan.
31 iyul kuni Urinbayevga JKning 210-moddasi 2-qismi «v» bandi bilan ayblov e'lon qilinib, unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan, hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.
Shuningdek, Bosh prokuratura rasmiy vakili Namangan tuman prokuraturasi binosida bayonnoma rasmiylashtirish jarayonida Urinbayevning jinoiy javobgarlikdan qutulish maqsadida, 1-qavatda joylashgan xona derazasidan taxminan 4 metr balandlikdan yerga sakrab, muvozanatni yo‘qotib, yuz qismi bilan yiqilgach, tan jarohati bilan shifoxonaga yotqizilganini ma'lum qildi. Bularning barchasi Departament tezkor xodimi M.ning kuzatuvi ostida yuz bergan.
Sud-tibbiy ekspertizaning 27.07.2018 yilgi xulosasida, Urinbayevda aniqlangan jarohatlar balandlikdan yiqilishi oqibatida olinishi inkor etilmasligi, sog‘lig‘ini buzilishiga sabab bo‘lgan yengil tan jarohatlar turkumiga kirishi ko‘rsatilgan.
G‘olibjon Urinbayevni qochishga urinib, yiqilganligi holati bo‘yicha tergovchi tomonidan bayonnoma tuzilgan, Urinbayevni qochishga uringanligini uning advokati R.Nazarov ham ko‘rganligi sababli ushbu bayonnomani imzolagan.
Tergov davrida xolislar V. va N. Urinbayevga nisbatan noqonuniy xatti-harakatlar sodir etilmaganini, u deraza orqali qochmoqchi bo‘lib, yiqilib tushganini ko‘rsatishgan.
Mavzuga oid
16:21 / 12.11.2024
1,5 mingga yaqin boshqaruv xodimi qonunga zid tarzda tadbirkorlik qilayotgani aniqlandi
23:25 / 09.11.2024
Samarqandda Qurolli kuchlar xizmatchisi, soliqchi, Milliy gvardiya va kadastr xodimlari pora bilan ushlandi
21:10 / 20.09.2024
Pora bilan ushlangan Dashtobod stansiyasi boshlig‘i ilgari sudlanmagani aytildi
22:32 / 03.01.2024