Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Toshkent arxitektura-qurilish instituti o‘quv, laboratoriya, yotoqxona binolari va ijtimoiy-muhandislik infratuzilmasi obektlarini qurish, rekonstruksiya qilishni amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjatda qayd etilishicha, Toshkent arxitektura-qurilish institutining bino va inshootlarini qurilishi, rekonstruksiya qilinishi va moddiy-texnika bazasini mustahkamlashda bir qator holatlar bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan yechimlarni kutmoqda, xususan:

birinchidan, hozirgi kunda mavjud 1650 o‘rinli o‘quv binolarda 4263 nafar talabalar to‘liq ikki smenada ta'lim olmoqda;

ikkinchidan, o‘quv-laboratoriyalari jihozlari va uskunalarini o‘rnatish joylari texnik topshiriq talablariga javob bermaydi;

uchinchidan, 250 o‘rinli talabalar turar joyi binosi ehtiyojni qoplamaydi;

to‘rtinchidan, sport inshootlari va maydonlari mavjud emas.

Hujjatda belgilanishicha, Toshkent arxitektura-qurilish institutiga berilgan Toshkent shahar, Yunusobod tumani, Yangi shahar ko‘chasi, 9 va 9a uy manzillari hududida mavjud bo‘lgan o‘quv,  laboratoriya va yotoqxona binolarini rekonstruksiya qilish, sport inshooti va oshxona obektlarini qurish hamda jihozlash ishlari 2019 yil 1 sentabrga qadar tugatiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Moliya vazirligi, Qurilish vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi Toshkent shahar hokimligi «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasining  asoslangan hisob-kitoblari asosida:

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturlarini moliyalashtirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan Toshkent arxitektura-qurilish institutiga berilgan o‘quv, laboratoriya va yotoqxona binolarini rekonstruksiya qilish, sport inshooti va oshxona obektlarini qurish hamda jihozlash maqsadida 2018 yilda loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish va qurilish-montaj ishlarini boshlash uchun zarur mablag‘larni  ajratish  O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil  20 apreldagi  PQ-2909-qarori bilan 2018 yilda Toshkent arxitektura qurilish institutining sobiq Toshkent shahri, Mirzo Ulug‘bek tumani, Qorasuv-4 massivi, 11-uy manzili bo‘yicha joylashgan binolarni kapital  ta'mirlash uchun ajratilgan 10 mlrd so‘m mablag‘ hisobidan ta'minlaydi.