Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon Ol Saud saudiyalik muxolif jurnalist Jamol Qoshiqchini mamlakatga chaqirtirib olmoqchi bo‘lgan, u yerda uni keyinchalik qo‘lga olishlari lozim edi. Bu haqda The Washington Post gazetasi manbalarga asosan xabar qilmoqda.

Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, Saudiya Arabistonining yuqori martabali mulozimlari jurnalistning yo‘qolib qolishiga bevosita aloqador. Shuningdek, ta'kidlanishicha, so‘nggi oylarda mamlakat vakillari bir necha marta Qoshiqchini vatanga qaytishiga chaqirganlar. Xususan, unga himoya va hukumatdagi yuqori haq to‘lanuvchi ish taklif qilishgan. Jurnalistning o‘zi, gazetadan qayd etishlaricha, bunday takliflarga shubha bilan qaragan.

Avvalroq, Turkiya politsiyasi Qoshiqchi Saudiya Arabistonining Istanbuldagi konsulxonasida o‘ldirilganligi haqida xabar qildi. Saudiya hukumati jinoyatga aloqadorligini rad etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, bundan avval Tramp Saudiya Arabistoniga qarshi sanksiyalar qo‘llashi mumkin ekani haqida xabar berildi.