Buyuk Britaniyaning Jinoyatchilikka qarshi kurash milliy agentligi (NCA) bu yil birinchi marta ikki obektga nisbatan kelib chiqishi noaniq bo‘lgan ko‘chmas mulk borasida so‘rov jo‘natdi.

Foto: REUTERS

Bunday talab yil boshida qo‘yilgan, biroq javob beruvchining shaxsi faqatgina endi oshkor etildi.

Gap 2001-2015 yillarda Ozarboyjon Xalqaro bankini boshqargan Jahongir Hojiyevning turmush o‘rtog‘i Zamira Hojiyeva haqida ketmoqda. O‘tgan o‘n yilda u Harrods univermagida 16 million funt sterling (21 million dollar) sarflagan, bir kunda 150 ming funt (197 ming dollar)ga baholanuvchi zargarlik buyumlarini xarid qilgan.

Avvalroq, Britaniya hukumati aktivlar egalariga ularning qiymati 50 ming funtdan oshiq bo‘lsa, mol-mulk qanday manba hisobidan xarid qilingani haqida so‘rov yuborish huquqiga ega bo‘ldi. Gap, birinchi navbatda, jinoyat sodir etishda gumon qilinayotgan shaxslar, shuningdek, Yevropa iqtisodiy hududi tashqarisidagi mamlakatlardan bo‘lgan nufuzli siyosatchilar haqida ketmoqda.

Zamira Hojiyeva
Foto: NTV

Hojiyeva ishi bo‘yicha eshituvlar London Yuqori sudida iyulda boshlandi. Undan 2009 yilda Londonning Knightsbridge tumanidan 11,5 million funtga sotib olingan uy, shuningdek, Eskot yaqinida 2013 yilda 10,5 million funtga xarid qilingan yer uchastkasi bo‘yicha izoh berish so‘ralgan. Agar Hojiyeva pullar qayerdan kelib chiqqanini tushuntirib bera olmasa, mol-mulk musodara qilinishi mumkin.

Ayolning turmush o‘rtog‘i Ozarboyjonda firibgarlik, lavozimini suiiste'mol qilish va boshqa ayblovlar bo‘yicha 15 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan hamda 40 million dollarga yaqin jarimaga tortilgan. Hojiyev ayblovlarni tan olmagan, uning turmush o‘rtog‘i va advokati bu ayblovlarni mutlaqo adolatsiz, deb atashgan.

Londondagi eshituvlarda ma'lum bo‘lishicha, Zamira Hojiyeva Londonda dabdabali hayot kechirgan. Xususan, sud hujjatlarida ta'kidlanishicha, u biznes-jyetlarda parvoz qilgan, so‘nggi 10 yilda esa Londondagi Harrods univermagida taxminan 16 million funt sarflagan.