O‘zbekiston | 15:30 / 12.10.2018
16966
2 daqiqa o‘qiladi

Shoygu MDH davlatlari mudofaa vazirlari nimalarga kelishib olishganini aytib o‘tdi

Foto: RIA Novosti

Mudofaa vazirlari kengashi yig‘ilishida mudofaa mahkamalari rahbarlari xalqaro terrorizmga qarshi kurash choralarini muhokama qildilar, deya xabar berdi Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu.

«Bizning ishimiz davomida Markaziy Osiyo mintaqasidagi vaziyatga baho berildi va xalqaro terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar belgilab olindi. Harbiy maqsaddagi umumiy tizimlarni rivojlantirish yo‘nalishlari aniqlandi: havo hujumidan mudofaa, radiolokatsion identifikatsiya, aloqa, radiatsion, kimyoviy va biologik holatni nazorat qilish hamda baholash», - dedi Shoygu kengash yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha.

Uning xabar berishicha, kengash a'zolari harbiy aviatsiya parvozlari, qurolli kuchlarning topogeodezik, meteorologik va axborot ta'minoti bo‘yicha hamkorlik borasida qarorni imzolashdi.

«Kengash yig‘ilishi bizning hamkorligimiz barqaror taraqqiyot istiqbollariga ega ekanini tasdiqladi», - dedi Rossiya mudofaa vaziri. Ish natijalari shuni ko‘rsatdiki, prezidentlar tomonidan harbiy hamkorlik konsepsiyasida belgilab berilgan vazifalar izchillik bilan hayotga tatbiq etilmoqda, deya qo‘shimcha qilib o‘tdi u.

Keyingi yili, Shoyguning so‘zlariga ko‘ra, 50dan ortiq turli xil qo‘shma tadbirlar rejalashtirilgan, ular «MDH davlatlari Mudofaa vazirlari kengashi shaklida turli yo‘nalishlarda harbiy hamkorlik dinamikasini ta'minlashga imkon beradi».

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev MDHga a'zo davlatlar mudofaa vazirlari bilan uchrashgandi.

Mavzuga oid