13 oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risida»ni Farmoni e'lon qilindi. Unga asosan, 2018 yilning 1 noyabridan boshlab byudjyet tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar hamda nafaqalar miqdori 1,1 baravar oshirildi va respublika hududida eng kam oylik ish haqi 202,730 so‘m etib belgilandi.

Eng kam oylik maosh miqdorining oshirilishi bilan endilikda O‘zbekistonda oliy ta'lim muassasalarining to‘lov-kontrakt narxlari ham ko‘tariladi.

Buning sababi, Davlat qabul komissiyasining 2018 yil 4 iyuldagi 2-sonli bayoniga ilovada to‘lov-kontrakt narxlari eng kam oylik ish haqiga bog‘langan bo‘lishi belgilab qo‘yilgan edi. Ya'ni har safar EKOIH oshganida OTM talabasi bo‘lish bahosi ham yuqorilab boraveradi. Bunda ikki muhim jihatga e'tibor qaratish lozim.

Birinchidan, kontrakt narxidagi bu o‘zgarish «superkontrakt» asosida birinchi bosqichga qabul qilingan talabalarga daxldor emas.

Shu yilning mart oyida Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri buyrug‘i bilan «Oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasalarida o‘qitishning to‘lov-kontrakt shakli va undan tushgan mablag‘larni taqsimlash tartibi to‘g‘risida»gi Nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan.

Yangi tahrirdagi hujjatning 18-bandiga asosan, ish haqi va stipendiyalar miqdorlarining, energiya resurslari, kommunal va ekspluatatsiya xizmatlarining narxlari va tariflari o‘zgarishi munosabati bilan oddiy kontrakt asosida o‘qitishning to‘lov miqdori o‘quv yili davomida qayta ko‘rib chiqilishi mumkin, ammo oshirilgan («super») to‘lov-kontrakt miqdori bundan mustasno.