Bir necha daqiqalardan so‘ng Moskvada AIBA Kongressining eng muhim lahzalari – tashkilot rahbarligiga saylov jarayoni boshlanadi.

Kun tartibiga muvofiq, ovoz berish jarayoni boshlanishi oldidan nomzodlar minbarda nutq so‘zladi. Anjumanni bevosita kuzatib borayotgan Kun.uz muxbiri AIBA prezidentligiga nomzod o‘zbekistonlik G‘ofur Rahimovning so‘zlarini keltirib o‘tdi.

Foto: Ma'ruf Asqarov / KUN.UZ

«Shu yil boshida bo‘lib o‘tgan Kongress majlisidan buyon vaqtinchalik prezident vazifasini bajarib kelganim men uchun ulkan sharaf bo‘ldi. Men bundan faxrlanaman va bildirgan ishonchingizni yuksak qadrlayman.

Hozir ham kelgusi 4 yil davomida prezident etib saylanishim uchun qo‘llab-quvvatlashingiz va ishonch bildirishingizga umid qilaman. Bugun oldingizda tanlov imkoniyati mavjud. Bu boksni rivojlantirish borasida faqat va faqat siz qaror qabul qila olishingizni bildiradi. Biz duch kelgan jiddiy moliyaviy tanglik holatini bartaraf etish uchun keyingi yetakchi kim bo‘lishini siz belgilab berasiz. So‘nggi oylar davomida erishgan ijobiy natijalarimizda bardavom bo‘lishimiz uchun eng yaxshi lider kim ekanini hal qilish sizning zimmangizda.

Ko‘plab argumentlarni tingladingiz. Ammo men siz uchun ustuvorlik kasb etishi kerak bo‘lgan g‘oyani keltiraman: boksning olimpiya o‘yinlaridagi kelajagi va AIBA`ning o‘z kelgusi taqdiri.

Boksning olimpiya o‘yinlaridagi o‘rniga kelsak, menga quyidagicha bayonot berishga izn bersangiz: shubhasiz, boks Tokio Olimpiadasi dasturidan o‘rin oladi. Shu bilan birga, Parij va Los-Anjyelesdagi olimpiya o‘yinlari tarkibida ham bo‘ladi. Ushbu musobaqalarda boks olimpiya tasnifidagi boshqa har qanday sport turlari bilan teng mavqeda bo‘ladi. Va buning sizlar amalga oshiradigan AIBA prezidenti tanlovi bilan hech qanday bog‘liqlik joyi yo‘q. Agar mabodo AIBA va XOQ o‘rtasida tashkilotimiz rahbariyati masalasida, xususan men bilan bog‘liq vaqtinchalik muammolar kelib chiqsa, biz buni qanday hal etishni bilamiz. Boks va Olimpiada bir-biriga chambarchas bog‘liq.

Foto: Ma'ruf Asqarov / KUN.UZ

Ikkinchi masala – AIBAning kelajagi haqiqatan ham ancha murakkab. Chunki o‘tgan bir necha yillar davomida noto‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan boshqaruv tizimi oqibatlarini hamon bartaraf etishga majbur bo‘lmoqdamiz. Barchamiz so‘nggi oylar davomida assotsiatsiyamiz va sportning bu turini saqlab qolish uchun Ijroiya Qo‘mitasi va yangi direktorimiz bilan birgalikda kecha-yu kunduz mehnat qildik. Va biz buni uddalay olganimizni ta'kidlashdan mamnunman va bundan faxrlanaman.